Joriy yilning oktabr oyida iste’mol bozoridagi narxlarning o‘rtacha darajasi 1,2% ga oshdi, deya xabar berdi Statistika qo‘mitasi.

O‘tgan 9 oy davomida iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 9,4% ga yetdi, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,9%ni tashkil etdi. Yillik nisbatda iste’mol sektorida narxlarning o‘sish sur’ati 12,2% ni tashkil etdi.

Bunda narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik xizmatlarga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,5% ga oshdi. Oziq-ovqat mahsulotlari ushbu davrda 1,4% ga, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari esa oy davomida 0,9% ga oshdi.

Joriy yilning oktabrida oziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan yilning oxiriga nisbatan (11,5%) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi va ular narxlarining yanvar-oktabrdagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 1,1% ni tashkil etdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari ushbu davrda 8,9% ga oshdi, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,9% ni tashkil etdi. Xizmatlar narxlarining o‘sish sur’ati yilning yanvar-oktabrida 6,4% ga yetdi va o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,6% ni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining yilik nisbatdagi narxlarining o‘sish sur’ati 15,9% ga yetib, ushbu guruhning mutlaq yetakchiligini ta’minladi. Nooziq-ovqat mahsulotlar va pullik xizmatlar ushbu davrda mos ravishda 10,7% va 7,5% ga qimmatlashgan.

Oylik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha sut, boshqa sut mahsulotlari va tuxum (4,2%) sezilarli ustunlik bilan yetakchilik qildi. Narxlar oshishi bo‘yicha keyingi o‘rinlar sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkalilar (1,5%), go‘sht mahsulotlariga (1,2%) tegishli bo‘ldi. Bir oyda narxlar oshishi bo‘yicha bir foizlik chegaradan, shuningdek, donli ekinlar va yorma mahsulotlari (1,1%) oshib o‘tdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari (meva-sabzavotlardan tashqari) orasida tuxum (14,4%) narxlar oshishida sezilarli ustunlik bilan yetakchi bo‘ldi.