Seshanba kuni tunda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroportda delegatsiyani O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov kutib oldi.

Annalena Berbok tashrifi chog‘ida Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralarda muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, u prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilinadi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning bir kun avval xabar berishicha, muzokaralarda ikki mamlakat hamkorligi istiqbollari, savdo-iqtisodiy sheriklik masalalari va mintaqadagi vaziyat muhokama qilinadi.

Germaniya delegatsiyasi Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi yirik korxonalarga ham tashrif buyuradi.

Tashrif arafasida Germaniya tashqi ishlar vaziri Qozog‘iston (Toshkentga kelishidan oldin tashrif buyurgan) va O‘zbekistonga tashrifidan asosiy maqsad — Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va boshqa global inqirozlar keltirib chiqargan inqiroz sharoitida ushbu davlatlarning Yevropadan kutayotgan «umid va kutilmalariga quloq solish» ekanini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda Germaniya ham madaniyat va iqtisodiyot, ham shaxsiy aloqalar nuqtai nazaridan ishonchli hamkor bo‘lib qolayotganidan dalolatdir.

«Germaniya va Yevropa adolatli hamda ochiq imkoniyatlarni taklif qiladi, ular yangi qaramliklarni yaratish yoki moliyaviy vositalardan foydalanishni nazarda tutmaydi», — dedi vazir.

Annalena Burbok fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan. «Iqtisodiy rivojlanish va inson huquqlari bir tanganing ikki tomoni. Chunki kuchli qoidalar kompaniyalar uchun eng yaxshi sarmoyaviy himoyani ta’minlaydi hamda uzoq muddatli farovonlik va xavfsizlik faqatgina odamlarning huquqlari kafolatlangan taqdirdagina mumkin», — dedi u.