30 oktabr kuni Hindistonning Gujarat shtatidagi Morbi shahrida bir asrlik osma ko‘prikning qulashi oqibatida 132 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi, deb yozmoqda The Times of India nashri.

Qayd etilishicha, 100 ga yaqin jabrlanuvchi shifoxonalarga yotqizildi, ularning aksariyati og‘ir ahvolda. Shuningdek, daryodan 170 dan ortiq odam qutqarib olindi.

Taxminan yetti oylik ta’mirlash jarayonida yopilgan ko‘prik fojiadan atigi besh kun oldin ochilgandi. Voqea sabablarini o‘rganish, xususan, ko‘prikda ko‘p sonli odamlar to‘planishiga aybdor shaxslarni aniqlash uchun hukumat qo‘mitasi tuzildi. Hindiston ichki ishlar vaziri Xarsh Sangavining aytishicha, halokat vaqtida ko‘prikda 150 ga yaqin odam bo‘lgan.

Aniqlanishicha, rekonstruksiya bilan shug‘ullangan xususiy kompaniya ko‘prik xavfsizligi bo‘yicha hujjat olmagan.

«Morbi hodisasidan jabrlangan oilalarga chuqur hamdardlik bildiraman. Hukumat barcha zarur yordamni beradi», — deya ta’kidladi mamlakat bosh vaziri Narendra Modi.