Braziliyada o‘tkazilgan prezidentlik saylovining ikkinchi tur natijalariga ko‘ra Luiz Inasio Lula de Silva 50,85% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Jair Bolsonaro 49,15% ovoz to‘pladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin «O‘ta og‘ir ahvolga tushib qolgan mamlakatimiz boshqaruvini o‘z qo‘limga olishga tayyorman. Lekin ishonamanki, xudoning va odamlarning yordami bilan biz mamlakatimizda yana demokratik qoidalar asosida, totuvlikda yashash imkoniyatiga ega bo‘la olamiz. Biz oilalarga tinchlikni qaytarishimiz, turli pozitsiyalarni yaratishimiz va barchamizga kerak bo‘lgan Braziliyani qurishimiz mumkin», — dedi Lula.

Jair Bolsonaro ovozlarni sanab chiqish tugaganidan keyingi dastlabki soatlarda mag‘lubiyatni tan olmadi.

Payshanba kuni 77 yoshga to‘lgan Lula de Silva Braziliya tarixida alohida o‘ringa ega. U o‘zining siyosiy faoliyatini 1970−80 yillarda metallchilar kasaba uyushmasi rahbari sifatida boshlagan va harbiy diktatura sharoitida ommaviy ish tashlashlar uyushtirishda ishtirok etgan.

1980 yilda tuzumning nisbatan liberallashganidan foydalanib, Ishchilar partiyasini tuzdi. Besh yil o‘tib mamlakatda demokratiya tiklandi va shundan so‘ng Ishchilar partiyasi nomzodlari, jumladan, Luluning o‘zi ham to‘qqizta prezidentlik saylovidan to‘rttasida g‘alaba qozondi.

Lulaning 2003 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan ikki prezidentlik muddati jahon xomashyo «bum»iga to‘g‘ri keladi. Braziliya bundan yaxshi pul ishlab topdi va millionlab braziliyaliklar qashshoqlikdan qutulishga muvaffaq bo‘ldi, deya keltiradi BBC.

Keyin «Avtomobil yuvish» operatsiyasi nomi bilan janjal yuzaga keldi, uning davomida hokimiyatning eng yuqori pog‘onasidagi korrupsiya holatlari tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu Braziliya va Lotin Amerikasidagi o‘nlab siyosatchilar va biznes rahbarlarini o‘ziga tortdi.

Bunda Lula dengiz bo‘yidagi kvartira uchun 1 mln dollardan ortiq pora olganlikda aybdor deb topildi. U mazkur mulk unga tegishli emasligini aytdi.

Sobiq prezident bir yarim yil qamoqda o‘tirdi. 2019 yilning noyabrida Oliy sud jarayon protsessual qoidalarni buzgan holda o‘tkazildi, degan qarorga keldi va Lula ozodlikka chiqdi.

Lula saylovchilarga o‘zini Bolsonaroning to‘rt yillik tartibsiz boshqaruvidan keyin barqarorlikni tiklaydigan lider sifatida ko‘rsatmoqda. U ochlik va uysizlik muammosini hal qilishga va’da berdi. Odamlarni boylarga soliqlarni oshirishga, eng kam ish haqi miqdorini oshirishga va millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqarish uchun ijtimoiy xarajatlarni kengaytirishga ishontirmoqda.

O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasida 1993 yil 30 aprelda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. 2009 yil may oyida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Braziliyada bo‘lgandi. Prezident Lula da Silva bilan uchrashdi, o‘shanda mamlakatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikka oid 10 dan ortiq hujjatlar imzolangandi.