Islandiyaning Reykyavik shahrida 31 oktabrga o‘tar kechasi Fisher nomidagi tasodifiy shaxmat bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov (FIDE reytingi — 2713) turnirning bronza medali uchun kechgan bahsda norvegiyalik Magnus Karlsen (2856) bilan to‘qnash keldi. O‘zbekistonlik birinchi o‘yinni g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, norvegiyalik qolgan uchta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi — 3:1 (1, 2, 3 i 4 partiyadar). Shu tariqa, Nodirbek Abdusattorov 40 ming dollar miqdoridagi mukofot puli to‘lanishi ko‘zda tutilgan turnirda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Foto: David Llada.

Finalda rossiyalik Yan Nepomnyashiy (2793) va amerikalik Hikaru Nakamura (2768) to‘rtta o‘yin natijasiga ko‘ra durang (2:2) qayd etishdi, ammo «Armageddon»da (oldingi tay-breklarda g‘olib aniqlanmasa o‘ynaladigan maxsus shaxmat o‘yini) Nakamura kuchliroq bo‘lib chiqdi va shaxmat bo‘yicha Fisher yo‘nalishida yangi jahon chempioni bo‘ldi.

Foto: Lennart Ootes.

Fisher — shaxmat bo‘yicha 11-jahon chempioni Robert Fisher tomonidan taklif qilingan shaxmat o‘yinining bir turi. O‘yin qoidalari asosan klassik shaxmatdagi kabi bo‘ladi, lekin donalarning dastlabki joylashuvi tasodifiy tarzda aniqlanadi. Shu bilan birga, ushbu turnirdagi natijalar klassik shaxmat bo‘yicha shaxmatchilarning to‘lagan reytingiga ta’sir qilmaydi.

Turnir g‘olibi nafaqat jahon chempioni unvonini, balki 150 ming dollar mukofot puliga ham ega bo‘ladi. Kumush medal sohibiga 80 ming dollar, uchinchi o‘rin uchun 55 ming dollar to‘lanadi.