Reykyavik shahrida (Islandiya) Fisher nomidagi tasodifiy shaxmat bo‘yicha jahon chempionatining yarim final uchrashuvlari yakunlanib, turnir finalchilari aniqlandi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov (FIDE reytingi — 2713) amerikalik Xikaru Nakamuraga (2768) 3:0 (1, 2 va 3) hisobida imkoniyatni boy berdi.

Foto: David Llada.

Ikkinchi yarim final uchrashuvida norvegiyalik Magnus Karlsen (2856) Yan Nepomnyashiyga (2793) 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Foto: David Llada.

Shu tariqa, Xikaru Nakamura va Yan Nepomnyashiy finalda, Nodirbek Abdusattorov va Magnus Karlsen uchinchi o‘rin uchun kurashda to‘qnash kelishadi. Uchinchi o‘rin uchun bahs 30 oktabr kuni soat 19:45da bo‘lib o‘tadi.

Har bir o‘yin 4 ta partiyadan iborat bo‘lib, vaqt nazorati guruh bosqichidagi kabi 25 daqiqa + 5 daqiqa + 5 soniya tarzida bo‘ladi.

Fisher shaxmati — shaxmat bo‘yicha 11-jahon chempioni Robert Fisher tomonidan taklif qilingan shaxmat variantidir. O‘yin qoidalari asosan klassik shaxmatdagidek, biroq donalarning dastlabki joylashuvi tasodifiy tarzda aniqlanadi.

Turnir g‘olibi nafaqat jahon chempioni unvonini, balki 150 ming dollar mukofot puliga ham ega bo‘ladi. Kumush medal sohibiga 80 ming, uchinchi o‘ringa 55 ming va to‘rtinchi o‘ringa 40 ming dollar to‘lanadi.