Toshkentning Ahmad Donish ko‘chasini rekonstruksiya qilish bosqichidayoq piyodalar uchun ham, ko‘plab haydovchilar uchun ham noqulaylik tug‘dirishi aniq edi. Rekonstruksiya 2020 yilda Yunusobod metro liniyasining yangi bekatlari ochilishi bilan yakunlandi. O‘tish qismi ko‘cha markazidagi keng xiyobon evaziga kengaytirildi. O‘zbekiston prezidenti ko‘chaga tashrif buyurganidan so‘ng u ochildi. O‘shandan beri rekonstruksiya mutaxassislar tomonidan ham, oddiy aholi tomonidan ham tanqid qilib kelinmoqda. Biroq rasmiylar xatolarni tan olishga shoshilayotgani yo‘q. Bunday manzara, sizga aytsak, shaharning boshqa ta’mirlangan ko‘chalariga ham xos.

Ko‘chaning asosiy muammosi uning piyodalar uchun to‘liq yaroqsizligida. 12 qatorli yo‘lda svetoforsiz piyodalar o‘tish joylarining mavjudligi — aksariyat davlatlar uchun aqlga sig‘maydigan, O‘zbekiston uchun odatiy hol — odamlar hayoti uchun katta xavf tug‘dirmoqda. Va bu muammolarning faqat bittasi, xolos. «Gazeta.uz» muxbirlari ko‘chani sinovdan o‘tkazish uchun Yunusobod tumaniga yo‘l oldi.

«AD» («Do‘zax») ko‘chasi

Yunusobodliklarning ko‘pchiligi Ahmad Donish ko‘chasini ushbu nomning bosh harflar bilan — AD deb atashadi.

Ish kuni tushdan keyin Mega Planet savdo markazi yonidagi chorrahada mashina va odamlar gavjumlik vaqtlaridagidek ko‘p emas, aksincha, juda oz. Ammo mashinalar shoshgani-shoshgan, xuddi poyga o‘ynayotgandek, haydovchilar vaqti-vaqti bilan signal berishadi. Aholining eslashiga ko‘ra, bu yerda xiyobon va torroq yo‘l bo‘lgani haydovchilarni intuitiv ravishda xotirjamroq haydashga majbur qilgan. Amalda ko‘chani piyodalarga qasd qilgandek o‘zgartirishdi: ko‘chani kesib o‘tayotgan odamlar yaxshiroq ko‘rinardi, xiyobon esa piyodalar dam oladigan keng xavfsizlik oroli bo‘lib xizmat qilardi.

Savdo markazi chorrahasidan Toshkent halqa vqtomobil yo‘li (THAY)gacha bo‘lgan ko‘chada tirbandlik avvallari kuzatilmagan, deydi aholi. Muammo asosan chorrahada bo‘lardi. Tirbandliklar chorrahada yo‘qolmadi, aksincha, yomonlashdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi rekonstruksiya jarayonida ushbu ishlar bilan shug‘ullangan Allegro Develop Project loyiha instituti va Turkiyaning KALYON ULAŞTIRMA kompaniyasi oldiga tirbandliklarning oldini olish vazifasini qo‘ydi.

«Turk firmasi Istanbul va Qaysaridagi ko‘chalarni loyihalashtirgan, metrobus yo‘nalishlarini, ya’ni Istanbuldagi avtobus va metro gibridini boshqaradigan tezyurar transport liniyasi loyihalashda ishtirok etgan, — dedi Istanbuldagi muhandisi Komil To‘laganov «Gazeta.uz»ga. — Ushbu kompaniya Ahmad Donish ko‘chasini loyihalashda Toshkent shahrining transport bosh rejasini ham parallel ravishda ishlab chiqdi».

Oxir-oqibat turk kompaniyasi bosh rejani ishlab chiqmadi. Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, Ahmad Donishning Amir Temur shoh ko‘chasidan Nurafshon aylanma ko‘chasigacha bo‘lgan qismi, shuningdek, shu ko‘chalardagi chorrahalar KALYON ULAŞTIRMA boshchiligida odamlar uchun o‘rin yo‘q bo‘lgan joylarga aylantirildi.

Ko‘chani faqat Mega Planet yaqinidagi chorrahada yer osti o‘tish joyi orqali kesib o‘tish mumkin. Biroq odamlarga, ayniqsa, bolalar aravachasi bo‘lgan ota-ona yoki aravali nafaqaxo‘rlarga yer ustidan yurish ancha qulayroqdir. Bundan tashqari, o‘tish joyi pandus yoki lift bilan jihozlanmagan (qulay muhitning mavjud emasligi qonun buzilishi hisoblanadi). Oxirgi ikki yil davomida piyodalar aynan shunday qilishmoqda.

«Bozorga o‘tishda yo‘lni kesib o‘tish — endi bu haqiqiy kvest, — deydi mahalliy fuqaro Nataliya Kim. — U yerga tush, bu yerga yur, ko‘taril, u yerga buril va yana pastga tush. Shuning uchun ko‘pchilik qoidalarni buzib, bunday qiyin chorrahadan yugurib o‘tishmoqda».

Ko‘z o‘ngimizda aravachada bolasi bor ayol Mega Planet tomondan bozorga shoshilmoqda. Yo‘lning yarmida u «zebra» bo‘yicha kesib o‘tadi, undan keyin esa «zebra» yo‘q va yer osti o‘tish joyiga tushish kerak bo‘lgan joyda u yo‘lni kesib o‘tdi.

«Ha, bunday kesib o‘tish xavfli. Lekin boshqa yo‘li ham yo‘q, chunki bu yerda svetofor yo‘q, yer osti o‘tish joyida esa pandus yo‘q. Mashina yo‘q paytida aravacha bilan yugurib o‘tishga to‘g‘ri keladi», — deb javob beradi Gulnoz.

«Besh yoshli kenjam nogiron. Kecha rafiqam uni nogironlar aravachasiga olib, ko‘chani kesib o‘tmoqchi bo‘ldi — lekin buning iloji yo‘q. Men eng himoyasizlar nima uchun tahqirlanishini tushunmayman», — deydi tumanda yashovchi Pavel Gutsalov. Oila har doim ko‘chani shunday kesib o‘tishga majbur.

«Bitta odam bolasi bilan aravachani zinapoyada tashiy olmaydi. Nima uchun „Mega“ va bozor o‘rtasidagi piyodalar o‘tish joyini olib tashlashdi?» — so‘radi Tatyana Sixayeva.

Bozor tomondan Yangishahar ko‘chasidan o‘tish ham oson emas. Tumanda yashovchi Igor Yafayevning so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiyadan so‘ng darhol boshqariladigan o‘tish joyi qulay joyda joylashgan — ko‘chani bir joydan kesib o‘tish kifoya edi.

Ammo tez orada «zebra» chorraha markaziga yaqinroqqa ko‘chirildi. Endi esa avval o‘ngga burilayotganlarning yo‘liga chiqish, keyin asosiy oqimning ikki alohida ko‘chasini, so‘ngra yana o‘ngga buriluvchilar yo‘lini kesib o‘tish kerak bo‘ladi.

Yashil chiziq o‘rnida eski o‘tish joyi bor edi. Hozirgi zebrada esa to‘rtta svetofor mavjud.

Ushbu geometriya mantig‘i mutlaqo tushunarsiz. Agar o‘ngga buriluvchilar uchun yo‘laklar to‘siqsiz burilish uchun qilingan bo‘lsa, piyodalar haydovchilar bilan «kelishilgan holda» ko‘chani kesib o‘tishardi. Ammo bu yerda, shuningdek, ko‘chalarni kesib o‘tishning har bir keyingi bosqichida svetoforlar o‘rnatilgan. Ularning ishi sinxronlashtirilmagan, shuning uchun odamlar va mashinalar, garchi ma’lum vaqt oralig‘ida ikkala oqim ham harakatlanishi mumkin bo‘lsa ham kutib turishadi.

«Ikkinchi va uchinchi svetoforlar yashil bo‘lsa, birinchi va to‘rtinchi svetoforlar ko‘pincha qizil bo‘ladi. Avtomobillar uchun ikkinchi va uchinchi chiroqlar qizil yonganida, piyodalar uchun yana yarim daqiqa yashil yonishi mumkin, ammo piyoda kimga ham kerak?» — deya yoziradi Igor Yafayev.

Yangishahar ko‘chasining savdo markazi oldidagi qismi bir tomonlamalik. Haydovchilar avvaliga adashtirib qo‘yishdi (hech kim ularni bu haqda ogohlantirmagan). Hozir ko‘pchilik ko‘chaning bir tomonlama ekanligini biladi, biroq ba’zilari teskari yo‘nalishda harakatlanishda davom etmoqda. Igor Yafayevning fikricha, bir tomonlama harakatlanish chorrahadagi oqimni biroz yengillashtirgan. Ammo endi Ahmad Donish va Amir Temur ko‘chalarining bir-biriga parallel bo‘lgan qismlari avtotransport vositalari uchun qiyin bo‘lib qoldi.

Amir Temur — Rihsili chorrahasi (Quloqtepa doirasi)dan Mega Planet`gacha asosiy yo‘l bo‘ylab borish uchun 500 metr o‘rniga qariyb 4 km yo‘l bosib o‘tish kerak. Ko‘pgina haydovchilar uchun bu vaqt va yoqilg‘ining sezilarli darajada yo‘qotilishidir, shuning uchun ular mavze orqali kesishni afzal ko‘rishmoqda.

«„Mega“ yaqinidagi bir tomonlama yo‘l — loyihaning eng muvaffaqiyatsiz qismi, — deydi ushbu hududda yashovchi Viktoriya Perova. — Hamma 11-mavze orqali o‘tmoqda. Yurishayotgani yo‘q, uchishyapti. Va eng qo‘rqinchlisi, ular bog‘lar va maktablar orqali uchib o‘tishadi».

«[Toshkent IIB sahifasida] 246-maktab yaqinida sun’iy notekislik o‘rnatishlarini so‘rashdi. Buni qilishdi ham, lekin faqat bitta va ushbu maktab oldida bolalar ko‘p marta g‘ildirak ostida qolishgan», — dedi yana bir fuqaro Zulya Kasimova-Lukyanova.

So‘ngsiz ta’mir

«Har bir tomonga yo‘laklar sonining oltitagcha kengaytirilishi ham tirbandliklar muammosini hal qilgani yo‘q, chunki, «Turkiston» metro bekati yaqinidagi yo‘l [o‘tish qismi cho‘kkani tufayli] ikki bo‘lakkacha torayib, «shisha bo‘g‘zi»tiqilinch hosil bo‘lmoqda», — deydi Pavel Gutsalov tirbandlikka ishora qilar ekan.

Bu yerdagi yo‘lning bir qismi ochilganidan olti oy o‘tib cho‘kkan. O‘shandan beri hech narsa o‘zgargani yo‘q. «Odamlar uch yildan beri qurilish bitishini kutishyapti. Va hozir yana noqulaylik, transport kollapsi. Hamma to‘lqinsimon bo‘lib ketgan yonma-yon yo‘l bo‘ylab harakatlanyapti», — deydi yashovchi Natalya Shivaldova.

Allegro Develop Project kompaniyasi muammo hal qilinishiga ishontirdi. «Metro bekati yaqinidagi yo‘l tubi va tuproqning cho‘kishiga olib kelgan qoidabuzarliklar Vazirlar Mahkamasi huzurida tuzilgan tegishli komissiya tomonidan o‘rganildi. Xulosa, shuningdek, hukumatning tegishli qarori asosida ta’mirlash ishlarini metro qurgan korxona amalga oshirishi rejalashtirilgan», — deya ma’lum qildi kompaniya «Gazeta.uz»ga.

Rus ruletkasi

Rekonstruksiya boshlanganda aholi piyodalar o‘tish joylari qurilishiga qiziqdi. Quruvchilar bu yerda «Ippodromdan Qozog‘istongacha tezyurar yo‘l» qurilayotganini aytishdi.

«Odamlar yo‘lni qayerdan kesib o‘tishlari kerakligini so‘raganimda, ular menga metroning yer osti o‘tish joyi orqali, deb javob berishdi, — deb eslaydi Pavel Gutsalov. — Bolalar aravachalarini yer osti o‘tish joyiga olib tushish va olib chiqish nima bo‘ladi, axir u yerda panduslar yo‘q-ku? „Ularni qo‘lda ko‘tarib, sport bilan shug‘ullanishadi“, — deb javob berishdi. Ya’ni, bolali onalar va nogironlar aravachasida yuruvchilar sport bilan shug‘ullanishadi. Bu ularning rejasi edi».

Yunusobod tumanining 11−16-mavzelari Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab joylashgan bo‘lib, ijtimoiy infratuzilma masalasida bir-biri bilan chambarchas bog‘langan: ko‘chaning ikki tomonida maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar, poliklinikalar, do‘konlar — aholi har kuni foydalanadigan barcha narsalar o‘rin olgan. Bu mavzelar o‘zaro piyodalar o‘tish joylari bilan bog‘langan. Ularning orasidagi masofa 250−300 metrni tashkil etadi, «Turkiston» metro bekati va THAY o‘rtasidagi 600 metrlik uchastkadan tashqari, bu yerda piyodalar o‘tish joyi umuman yo‘q.

Bolalar bog‘chalari va maktablar och binafsha rang bilan belgilangan.

Shu bilan birga, faqat chorrahalardagi piyodalar o‘tish joylari svetofor bilan jihozlangan. Demak, svetoforlar faqat transport vositalari harakatini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan, piyodalar ko‘chani xavfsiz kesib o‘tish uchun emas.

Maktab o‘quvchilari ko‘pincha tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridan foydalanadilar. Bolalar va kattalar to‘g‘ri kelgan joydan ko‘chaning narigi tomoniga yugurib o‘tishadi. Bu o‘n minglab aholi istiqomat qiladigan mavzelar orqali odamlarning ehtiyojlaridan kelib chiqmagan holda ko‘chalarni avtomagistrallar sifatida qurilishining oldindan aytish mumkin bo‘lgan natijasidir.

Jamoat transporti bekatida na pavilon, na skameyka, na axlat idishi bor.

Nafaqaxo‘r Aleksandra Goncharova avvallari 12-mavzeda turib bolalarni 15-mavzeda joylashgan maktabga yo‘lning narigi tomoniga xotirjam o‘tkazib yuborilganini eslab yozg‘irdi. «Hozir esa go‘yoki 15-mavze bilan butunlay boshqa-boshqa dunyolarda yashayapmiz», — dedi ayol.

Bugun fuqarolar hatto piyodalar o‘tish yo‘lagidan ham yo‘lni kesib o‘tishda rus ruletkasi — hayot-mamot o‘yinini o‘ynashga majbur.

«Mening farzandlarim 11-mavzedagi 246-maktabga qatnashadi… Tig‘iz vaqtlarda ko‘chani kesib o‘tishga bir harakat qilib ko‘ring. Bir marta o‘tkazib yuborishmagani uchun bolamning sumkasini yo‘l o‘rtasiga tashlashga ham majbur bo‘ldim… Toshkent IIB sahifasiga yozishdi. Nafaqat men, balki ko‘plab fuqarolar. Oxirgi murojaat o‘lim bilan tugagan YTHdan keyin bo‘lgandi. Hech qanday natija yo‘q», — deydi muqimlardan Zulya Kasimova-Lukyanova.

Yoshi kattaroq yigitcha ikki o‘quvchining qo‘lidan ushlab «zebra» orqali ko‘chaning narigi tomonida yugurib o‘tar ekan, haydovchilarga biroz sekinlashib, ularni o‘tkazib yuborishgani uchun bosh irg‘ab minnatdorchilik bildiradi.

«Odamlar telefonini chiqarib, yo‘lni kesib o‘tguncha tasvirga olishni o‘rganishibdi. Qoidaga ko‘ra, yo‘lga qadam qo‘ygan bo‘lsam, ular sekinlashib, to‘xtab, meni o‘tkazib yuborishlari kerak, — deydi Pavel Gutsalov. — Lekin hech kim bunday qilmaydi. Ba’zilar hatto tezlashadi ham. «Feysbuk»da ko‘plab haydovchilar odamlar o‘zlarini o‘lmaydigandek tutishlarini ta’kidlaydilar. Ya’ni, haydovchilar o‘zlarini ustuvor his qilishadi, chunki ular temirdan, siz esa go‘shtdan. Bu haqiqatan ham qandaydir omon qolishning bir turi».

Haydovchilar ham qo‘rqishadi.

Ko‘chalarni noto‘g‘ri loyihalash va harakatni tashkil etishga zamonaviy yondashuvlarni bilmaslik piyodalar va haydovchilar uchun xavf tug‘diradi. Keng va ravon asfalt maydoni ularni ruxsat etilgan maksimal tezlikda haydashga ilhomlantiradi. Ko‘p sonli yo‘laklar va yuqori tezlik piyodani o‘z vaqtida payqashga va mashinalardan biri odamlarni o‘tkazish uchun to‘xtaganini ilg‘ashga imkon bermaydi.

«Sizga ona va haydovchi sifatida aytaman: u yerda piyodalarni o‘tkazib yuborishmaydi. Agar siz o‘tkazib yuborish uchun to‘xtasangiz, mashinalar boshqa yo‘lak bo‘ylab shoshilishadi. Men ham 11-mavzeda yashayman, qizim 13-da o‘qiydi, uni o‘zim maktabga olib boraman. Hech qachon uning maktabga piyoda borib-kelishiga ruxsat bermayman», — deydi muqimlardan Sevara.

Hukumat vaziyatni to‘g‘irlashni rejalashtiryaptimi? Ha, biroq o‘zlaricha. «Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan THAYgacha bo‘lgan qismida metro bekatiga kirish bilan bog‘liq bo‘lgan piyodalar o‘tish joyidan tashqari yana ikkita yer usti o‘tish joyi loyihalashtirildi», — deyiladi Allegro Develop Project xabarida. «Qurilish ishlari tender yakunlanganidan keyin boshlanadi».

«Gazeta.uz» shaharlarda imkon qadar kamroq yer usti va yer osti yo‘laklariga ega bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p marta yozgan. Bu piyodalar xavfsizligi uchun xayoliy tashvish bo‘lib, aslida bir qator muammolarni keltirib chiqaradi