28 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel matbuot uchun qo‘shma bayonot berdi.

Tomonlar Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga intilishini olqishladi. O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlash va ularni yanada chuqurlashtirish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yo‘nalishlaridagi masalalarning keng doirasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladi. Ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikatsiya qilinishiga umid bildirdi.

Shuningdek, tomonlar xalqaro ishlarda va ikki tomonlama munosabatlarda BMT Ustavi va xalqaro huquqning umume’tirof qilingan normalariga qat’iy rioya qilishlarini, hamkorlikni teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida qo‘llab-quvvatlashlari va rivojlantirishlarini ta’kidladi.

Yevroittifoq tomoni Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini, ular barqaror bo‘lishi va ortga qaytmasligiga umid bildirdi.

«Prezidentlar inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv muloqot va faol hamkorlikni yuksak baholadilar. O‘zbekiston va YeIning bu boradagi hamkorligini mustahkamlashga bundan buyon ham ko‘maklashishga tomonlar qat’iy intiladilar», — deyiladi xabarda.

Yevropa kengashi prezidenti O‘zbekiston rahbariyatining gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi hamda YeI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘makni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘liq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.

YeI kompaniyalaridan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentlar O‘zbekiston bilan Yevroittifoq o‘rtasida iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar sohalaridagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini olqishladilar. O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonga «GSP+» tizimining benefitsiar mamlakati maqomi berilib, o‘zbek mahsulotlarining keng nomenklaturasi YeI mamlakatlariga bojsiz yetkazib berilishiga imkoniyat yaratilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Bundan tashqari, tomonlar YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi bajarilishini jadallashtirish maqsadida birgalikda chora ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi hamda 2022 yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida «YeI — Markaziy Osiyo» formatida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha «Barqaror taraqqiyot uchun global darvoza» konferensiyasining o‘tkazilishini olqishladi.

O‘zbekiston tomoni konferensiyada hamkorlikning ustuvor sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilinishini taklif etishga tayyor, deyiladi xabarda.

Rahbarlar barqaror transport yo‘laklarini yaratish, shu jumladan Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun tizimli omil sifatida belgilab berdi. Shu bilan birga, portlarning quvvatlarini kengaytirish, parom va temir yo‘l parklarini kengaytirish, bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, yuklar bilan ishlash va chegaralardan o‘tish uchun raqamli yechimlarni joriy qilish muhimligini qayd etdi. Bunday loyihalarni amalga oshirish YeIning «Global darvoza» tashabbusi maqsad va vazifalariga to‘liq mos keladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘lini qurish muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekiston uchun 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan YeIning moliyaviy-texnik ko‘magiga doir ko‘p yillik indikativ dasturi tasdiqlangani va amalga oshirilishi boshlanganini olqishladi.

Ular raqamlashtirish, «yashil» iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud salmoqli salohiyatdan foydalanish, shu jumladan Yevropaning ilg‘or tajribasini joriy qilish va ushbu sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

O‘zbekistonning suv-ekologiya masalalari, shu jumladan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasini tashkil etish borasidagi tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Yevroittifoqqa minnatdorlik bildirildi. Uning faoliyatini davom ettirish muhimligi borasida fikr almashildi.

Ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni, shu jumladan Erasmus+ va Horizon Europe dasturlari salohiyatidan foydalangan holda chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Tomonlar kasbiy ta’lim bo‘yicha DARYA birinchi mintaqaviy loyihaning amalga oshirilishini olqishladi.


O‘zbekiston tomoni 2023 yilda O‘zbekistonda «YeI — Markaziy Osiyo» birinchi turizm forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, Afg‘onistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka surunkali tahdidlar manbaiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi qayd etildi. Qish davrida yaqinlashib kelayotgan gumanitar falokatning oldini olish, jumladan, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish xavotir uyg‘otayotgan birinchi galdagi masala sifatida ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan tomonlarning o‘zaro majburiyatlarini bajarish algoritmini tezkorlik bilan kelishib olish maqsadida muzokaralar olib borish uchun xalqaro guruh tuzish tashabbusini alohida ta’kidladi.

Tomonlar uzoq muddatli barqarorlikka erishish uchun Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni hamda inson, shu jumladan xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan mushtarak fikrlar bildirdi.

Yakunda prezidentlar O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqotni va sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasiga aylantirish maqsadida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, ishonch va xalqaro huquqning asosiy normalariga rioya qilish prinsiplari asosida mintaqaviy kooperatsiya va o‘zaro bog‘liqlikni yanada kengaytirishga ko‘maklashishga intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.