Samarqandda IIO xodimlari mahbusga qiynoqlar qo‘llagani oqibatida uning uchta qovurg‘asi singani va tana qismida jarohat izlari borligi aytilgandi. Ombudsman vakili mahbus bilan uchrashib, vaziyatni o‘rgangani va holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilingani xabar qilingandi. Viloyat IIB holat aslida qanday bo‘lgan borasida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holatda «qovurg‘asi urib sindirilgani» aytilayotgan shaxs 29 sentabr kuni soat Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-son IIB xodimlari tomonidan «Qoradori-22» tadbiri 2-bosqichi davomida 5,25 gramm geroin giyoxvandlik moddasi sotgan vaqtida ushlangan. Geroin ashyoviy dalil tariqasida xujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan 1 oktabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xuzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Yo.S. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksiing 25−273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Tezkor xizmat xodimlari ushbu shaxsni ashayoviy dalillar bilan qo‘lga olgan vaqtida u jarohati borligini bayon qilgan. Ya’ni u 20 sentabr kuni Urgut tumanida o‘ziga tegishli bo‘lgan IJ rusumli mototsiklidan yiqilganini aytgan. Xodimlar fuqaroni Samarqand shahriga olib kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan», — deyiladi xabarda.


Shuningdek, boshqarma shifokor tibbiy ma’lumotnomasi, haqiqatdan tadbirdan 10 kun oldin mototsiklidan yiqilgani to‘g‘risidagi fuqaroning bergan tushuntirish xati hamda holat bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalar mavjud ekanini ma’lum qildi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov holatga baho berar ekan, Ombudsman axborot xizmatini huquqiy baho berilmagan murojaatni bir tomonlama yoritganini, oqibatda ayrim OAVlarda xaqiqatga mos kelmaydigan xabarlar tarqalganini ta’kidladi.