24 oktabr, dushanba kuni Oryol shahridagi chiqindilarni qayta ishlovchi korxonada faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarolariga safarbarlik tadbirlari doirasida chaqiruv qog‘ozlari topshirildi. Bu haqda Rossiyaning «Istoki» telekanali xabar berdi.

«Oryol shahrining „Ekositi“ (Ekoshahar) chiqindini qayta ishlash korxonasida faol ravishda chaqiruv qog‘ozlarini topshirishdi, aftidan ular kimga topshirishni tushunmagan. Misol uchun 50 nafar chiqindini qayta ishlovchi xodimlarga berildi. 50 kishi — bu butun boshli bir „smena“ degani va birdaniga bunday miqdordagi ishchilardan ayrilib qolish — korxona faoliyati uchun jiddiy muammo. Bundan tashqari, ularning 28 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Qolaversa, chaqiruv qog‘ozlarini talabalar va xizmat qilmagan orlovliklar ham olishdi», dedi efir vaqtida telekanal boshlovchisi.

«Bizni «voyenkomat»ga chaqirishdi, biz axir O‘zbekiston fuqarolarimiz-ku, biz bu yerda faqat ishlaymiz va belgilangan tartibda soliqlarni to‘laymiz», — deya ta’kidladi Jalilbek Qurbonboyev.

Videoda shuningdek, ishchilar yordam so‘rab O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishgani ham aytildi. Tahririyat murojaat videosini topa olmadi.

«Gazeta.uz» izoh so‘rab, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Bundan tashqari, tahririyat muxbiri korxona rahyuari Yuriy Paraxin bilan bog‘landi, u esa telelavhadagi bayonotlarni tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 oktabr kuni vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida u o‘z ishchilari, shu jumladan, O‘zbekiston fuqarolari bilan Oryol shahrining harbiy komissariyatiga borgan.

«Men harbiy komissariyat rahbariga nima sababdan chaqiruv qog‘ozlari O‘zbekiston fuqarolariga topshirilganini so‘radim, ammo mening savolimga faqat yelka siqib qo‘yishdi. Biroq O‘zbekistonliklarning pasportlarini tekshirishgach, ulardan chaqiruv qog‘ozlarini qaytarib olishdi. Hozir ular ish joyiga qaytishgan», deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ga Yuriy Paraxin.

Kechroq, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va agentlik vakillaridan iborat ishchi guruh fuqarolar va korxona rahbari bilan bog‘langanini ma’lum qildi. Ishchi guruh voqea joyiga yo‘l olgan. Agentlik o‘rganishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berishni va’da qildi.