O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Davlat rahbari Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyatlar hokimlariga qator topshiriqlar berdi, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Keltirilishicha, yig‘ilish avvalida prezident barcha shifokor va hamshiralarni, feldsher va sanitarlarni yaqinlashib kelayotgan Tibbiyot xodimlari kuni bilan tabrikladi.

«Xabaringiz bor, joriy yil mart oyida sizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, barcha masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgan edik. Bugungi yig‘ilishimizni ana shu ochiq muloqotning mantiqiy davomi, desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mutasaddilarga topshiriq berib, ikki oy muddatda 300 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil qilinishi, 1 martga qadar bunday tibbiyot punktlari oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada ham barpo etilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, 30 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalari tashkil etilib, ularni jihozlash, kelgusi yilda yana qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalari tashkil etiladi.

Ikki oy muddatda onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Unda tug‘ruq bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tug‘ruq o‘rinlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, bolalarda tug‘ma nuqsonlarni oldini olish va erta aniqlash, maxsus dori vositalari bilan ta’minlash, Akusherlik-ginekologiya, Skrining va Reproduktiv salomatlik markazlarining yagona vertikal tizimi yaratiladi.

Bundan tashqari, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokara o‘tkazib, 640 ta tez yordam mashinasini xarid qilish vazifasi berildi.

Ikki oy muddatda barcha ixtisoslashgan markazlarda kamida 10 tadan yangi yuqori texnologik davolash usullarini joriy qilish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Shuningdek, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha uch yillik dasturni ishlab chiqish, unda 1 ming 117 ta tibbiyot muassasini qurish va kapital ta’mirlash, 668 tasining ichimlik suvi, issiqlik tizimi va elektr ta’minotini yaxshilash, 1 ming 870 tasiga 38 mingta yangi tibbiy jihozlar yetkazib berishni nazarda tutish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga hamshiralarni o‘qitish va malakasini oshirish, mehnatiga haq to‘lash miqdorini oshirish, umuman, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalalarini o‘z ichiga olgan qaror loyihasini tayyorlashga topshiriq berildi.


Prezident tibbiyot sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri malakali tibbiy xizmatlarning har bir xonadonga kirib borishini ta’minlashdan iboratligini ta’kidladi va erishilgan natijalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Qolaversa, davlat rahbari birlamchi bo‘g‘inni mahallagacha tushirish bo‘yicha boshlagan islohotlar samarasini oshirish lozimligini qayd etib, oilaviy poliklinikalardan 10 km uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish ishlarini jadallashtirishni topshirdi.

«Qishloq shifokori» dasturi doirasida olis hududlarda 191 nafar shifokor ish boshladi. Yana 171 ta bo‘sh o‘rinni to‘ldirish vazifasi qo‘yildi. Shifoxonalarda tug‘ruq o‘rinlarini ko‘paytirish, respublika bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazni tashkil etish ishlarini tezlashtirish topshirildi.

Tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarishiga qaratilgan prezident qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga ko‘rsatma berildi. Yig‘ilishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hokimlar, sohaga mas’ullar va ixtisoslashgan markazlar rahbarlarining hisoboti eshitildi. Ular yil yakuniga qadar va kelgusi yil uchun rejalarini ham batafsil tushuntirdi, deyiladi xabarda.

Prezident muhokama qilingan masalalarning barchasi faqat va faqat xalqimizni rozi qilishga qaratilganini ta’kidladi.


«Biz bugungi kunda inson hayoti, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirmoqdamiz. «Inson — jamiyat — davlat» degan qoidani hayotimizga joriy etmoqdamiz. Bu borada, hech shubhasiz, tibbiyot g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Bu sohada masalaning katta-kichigi yo‘q. Hammasi birdek muhim.

Barcha hokimlar, bu yerda o‘tirgan rahbarlar eshitib olsin: bir bemor odamni dardiga darmon bo‘lib, uning sog‘lig‘ini tiklasak, hayotga qaytarsak, bilingki, bu bilan butun oilaning baxtini, kelajagini ta’minlagan bo‘lamiz", — dedi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.

Keltirilishicha, oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi (188 mlrd so‘mdan 540 mlrd so‘mga). Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga UZI va EKG uskunalari yetkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19,5 mingta kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi. Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi.

Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etildi. Umuman, joriy yilda tibbiyotga 28 trln so‘m ajratilmoqda va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘p, deyiladi xabarda.