25 oktabr kuni respublikaning turli hududlarida gazdan uzilgan issiqxonalar egalari o‘zining noroziligini bildirib, Toshkentga kelgandi. Shu kuni ular prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov bilan uchrasholmay, Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirilgandi. Hukumat vakillari ularning takliflari bosh vazirga yetkaziligini aytishgandi.

«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov xabar berishicha, 27 oktabr Energetika vazirligi binosida issiqxonachilar va hukumat vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Avvaliga OAV vakillari ham qatnashishi mumkinligi aytilgan mazkur uchrashuvga tahririyat muxbiri kiritilmadi. Energetika vazirligi matbuot kotibi Sabina Bekmurodova buning sababini izohlarkan, «uchrashuv yopiq bo‘lishi va unga OAV vakillari kiritilmasligi bo‘yicha topshiriq berilgani»ni qayd etdi.

Vazirlik binosiga ro‘yxatdagi tadbirkorlarni kiritish jarayoni.

Soat 15:00 da boshlangan tadbir salkam uch soat, ya’ni 17:45 gacha davom etdi.

Uchrashuvda bevosita qatnashib chiqqan tadbirkorlarning bir qanchasi «Gazeta.uz» muxbiriga intervyu berib, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan ma’lumot berishdi.

Issiqxonachilarning qayd etishicha, uchrashuvga telefon olib kirish taqiqlangan. Mutasaddilar bilan bir zalga 30 ga yaqin tadbirkor kiritilgan, qolganlari binoning ikkinchi qavatidagi zalda zoom platformasi orqali qatnashgan. Yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosarlari — energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va bank rahbarlari ishtirok etdi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «Sadaf agro invest» korxonasi rahbari Nodirbek Shukurovning aytishicha, yig‘ilishda aniq masalalar ko‘tarilib, muhokama qilindi.

«Ichkarida yig‘ilish davom etyapti. Bankda muhim ishim bor edi. Shu sabab uchrashuvdan erta chiqishga majbur bo‘ldim. Uchrashuv boshida qishloq xo‘jaligi vaziri issiqxonachilar uchun imtiyoz berishga oid yangi qaror loyihasi haqida gapirdi, fikr va takliflarimizni eshitdi. Bizga gaz uzilmasligini aytishdi. Lekin bu amalda qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi», — dedi u.

Buxorolik tadbirkor Akbar Toshevning aytishicha, mutasaddilar bugundan gaz berilishini bildirdi.

«Bosh vazir o‘rinbosarlari hamma gaplarimizni eshitib, to‘g‘ri tushundi va yordamlashamiz, dedi. Issiqxonalarning bugungi holati, ularning kelajagi va sohani rivojlantirish tahlil qilindi. Biz muqobil yoqilg‘i muammolarini ko‘tardik. Chunki bu yerda gazdan ko‘mirga o‘tish bir qancha masalalarni keltirib chiqaradi. Birinchi navbatda, ekologiyaga zarari katta. Keyin ko‘mirni qayerdan sotib olish ham bir muammo», — dedi u.

«Hozir bizga bu mavsumda muntazam gaz berilishini aytib, buni kafolatlaymiz, deyishdi. Keyingi mavsumdan yo‘l xarita tuzilib, ko‘mirga bosqichma-bosqich o‘tishga kelishdik. Bugundan gazga ulashga ruxsat berildi. Tegishli tashkilot rahbarlari shu topshiriqdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, gaz berishlariga umid qilamiz», — dedi Akbar Toshev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov prezident qaror loyihasi tayyorlanayotgani haqida gapirib, hujjat tadbirkorlar bilan birga muhokama qilinishini ta’kidlagan.

«Bu qaror loyihasida issiqxonachilarga soliq, bojxona va boshqalar bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berilarkan. Bundan xursandmiz. Qaror loyihasini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligida muhokama qiladigan bo‘ldik», — dedi tadbirkor.

«Nurobod kristal» MCHJ rahbari Sherzod Shukurov ham mas’ullar barchaning fikrini birdek tinglaganini tasdiqladi.

«Muqobil yoqilg‘i, bank kreditlari, suddagi muammolar ko‘tarildi va ular yangi chiqadigan prezident qaroriga kiritilishini qayd etishdi. Qaror loyihasi bir necha kun ichida prezident Administratsiyaga kiritilishini aytishdi», — dedi tadbirkor.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, issiqxonalarda tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanadi.

«Issiqxonalar tabiiy gazdan betartib uzilmasligi ta’kidlandi. Ya’ni, bugundan boshlab mavjud, to‘lovni amalga oshirgan issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish boshlandi. Bunda, sovuq kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini (shifoxonalar, maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va boshqalar) tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida kelgusida hukumat ko‘magida ushbu issiqxonalar bosqichma-bosqich muqobil (ko‘mir) yoqilg‘iga o‘tishi lozimligi, bu borada tadbirkorlarning takliflariga binoan mavjud muammolar yechimi yuzasidan zarur nomativ-huquqiy hujjatlar tayyorlash bo‘yicha kelishib olindi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda tadbirkorlarga import asosida sifatli va arzon narxlarda ko‘mir mahsulotini yetkazib berilishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganligi haqida ma’lumot berilgan.

«Yig‘ilishda davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, issiqxonalar faoliyati uchun bir qator imtiyozlarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilayotgani, hujjat tadbirkorlarning takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi va ushbu loyihada qator imtiyozlar nazarda tutilishi aytib o‘tildi. Shu bilan birga banklardan olingan kreditlar bo‘yicha yengilliklar kiritish, yetishtirilgan hosillarni eksport qilinishida hech qanday to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi», — deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Mas’ul mutasaddilardan iborat ishchi guruh tuziladi va har bir issiqxonalar faoliyati individual o‘rganilaji, mavjud holatni inobatga olgan holda tadbirkorlarga hukumat tomonidan bir qator qulayliklar joriy qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 25 oktabr kuni respublikaning turli hududlaridagi gazdan uzilgan issiqxona egalari avvaliga Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga murojaat qilishgan. Ammo «u yerda hech birorta rahbar ham yo‘q, u yerdan birorta javob ham ololmagach», prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov bilan uchrashish maqsadida Mustaqillik maydoniga borgan. Shundan so‘ng, Qo‘riqlash xizmati xodimlari ularni Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirgan.

Yakunda hukumat vakillari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining faollar zalida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqot chog‘ida issiqxonalarning egalari muammolar haqida fikr bildirib, takliflarni o‘rtaga tashlagandi.