25 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar davomida deputatlar budjet mablag‘lari asosida tashkil qilinmagan, biroq belgilangan tartib asosida ta’sis etilgan jamg‘armalarning Hisob palatasi tomonidan tekshirilishiga e’tiroz bildirdi. Bu borada quyi palata Spikerining birinchi o‘rinbosari, shu kungi majlis raisi Akmal Saidov Hisob palatasi vakillaridan kiritilayotgan o‘zgarishlarga munosabat so‘radi.

«Biz budjet mablag‘lari ajratilgan jamg‘armalarni tekshiramiz. Lekin topshiriq bo‘ladigan bo‘lsa, hammasini tekshirishga haqqimiz bor. Topshiriqning esa bizga kim tomonidan berilishini juda ham yaxshi bilasiz», — dedi Hisob palatasi raisi o‘rinbosari O‘tkir Jumanov.

Akmal Saidov esa unga «Topshiriq qonun asosida bo‘ladimi?», deya savol berdi. O‘tkir Jumanov esa qonun asosida berilgan topshiriqni bajarishlarini, bajarmasdan umuman iloji yo‘qligini aytdi.

«Sizlar hozir nodavlat-notijorat tashkilotlarning fondlarini, masalan, parlament huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini ham tekshirasizlarmi?», — deya aniqlik kiritishni so‘radi deputat.

«Agar topshiriq bo‘lsa, ha», — deya javob berdi O‘tkir Jumanov.

Shundan so‘ng, Saidov Hisob palatasining vazifasi faqatgina davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli foydalanilishni nazorat qilishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

«Topshiriqni qaysi asosda tekshirasizlar? To‘xtang! Siz nimaga bu yerdagi 120 ta deputat tushunmaydi deyapsizmi? Alisher aka to‘g‘ri aytyapti. Sizlar, nima, ertaga jamoat fondini ham tekshirasizlarmi? Nima demoqchi ekaningizni bilib turibman. Qonun bo‘yicha ayting. Undan boshqa hech narsaga burningizni tiqishga haqqingiz yo‘q. Fuqarolik jamiyati, xususiy tashkilotlar o‘zi tashkil qilishi mumkin. Sizlar topshiriqni bajaramiz, deysizlar. Qachongacha? Qonunni bilasizlarmi? Siz qayerda gapirayotganingizni, o‘rningizni biling. Bu yerni Qonunchilik palatasi deb qo‘yibdi. Siz haqingizdagi qonunni ham mana shu yerda qabul qilganmiz», — dedi Akmal Saidov.

Baxs-munozaralardan so‘ng, mazkur qonun loyihasi qabul qilinmadi va tegishli qo‘mitalarga qaytarildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda «Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Shuningdek, moliya vaziri Timur Ishmetov ehtiyojmand oilalar soni oxirgi 3 yilda 600 mingdan 2 mlngacha ortganini ma’lum qilgandi.