Butunjahon Expo ko‘rgazmalari — insoniyat duch keladigan asosiy muammolarga yechim topishga bag‘ishlangan tadbirlardir. Ko‘rgazmalarda ishtirok etuvchi davlatlar, shuningdek, mezbon davlat global muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z qarashlarini taklif qiladi.

sentabr oyida Butunjahon ko‘rgazma byurosi Expo 2030 ko‘rgazmasiga mezbonlik qilish uchun o‘z nomzodini taqdim etgan to‘rtta davlat nomini e’lon qildi. Qoidalarga ko‘ra, ular tadbir sanalari va uning asosiy mavzusini ham taklif qilishdi.

  • Janubiy Koreya Pusan shahrini «Yorqin kelajakni ko‘zlagan holda dunyomizni o‘zgartirish» mavzusidagi ko‘rgazma o‘tkaziladigan joy sifatida tavsiya qilmoqda.
  • Italiya Rimda tadbir tashkil qilishni taklif qilmoqda. Tadbirning mavzusi «Insonlar va hududlar: tiklanish. Inklyuziya. Innovatsiyalar».
  • Ukraina Odessani Expo’ga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Mavzu: «Uyg‘onish davri. Texnologiya. Kelajak».
  • Saudiya Arabistoni poytaxt Ar-Riyodda markaziy mavzuda «O‘zgarishlar davri: ertangi kunga ishonch uchun birgalikda» ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif qilmoqda.

Mezbon davlat 2023 yilning noyabr oyidan boshlab ishtirokchi-davlatlarning yashirin ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi. G‘olib o‘sha oyning o‘zida e’lon qilinadi.

Hozir mamlakatlar o‘z nomzodlarini faol ravishda ilgari surmoqda. Rimning Expo 2030 mezbonligiga nomzodini ilgari surish bo‘yicha maxsus elchi, professor Romeo Orlandi «Gazeta.uz» ga Italiya tomonidan taklif etilayotgan mavzu nimani nazarda tutayotgani, barqaror shahar nima va nega davlatlar bunday shaharlarni qurish zarurligini so‘zlab berdi.

— 14 sentabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining «Toshkent — barqaror shahar» deb nomlangan seminarida ishtirok etdingiz. Aytingchi, barqaror shahar nima?

— Barqaror shahar — bu tushuncha, bu sayyoramizda uni qutqara oladigan tarzda yashash zarurati. Buning uchun shahar aholisi o‘z atrof-muhitini hurmat qilishi kerak. Biz barqarorlik tanlovdan ko‘ra ko‘proq zarurat ekanligiga ishonamiz.

Men bu yerga Rimning Expo 2030 ko‘rgazmasiga nomzodini O‘zbekiston hukumatiga targ‘ib qilish uchun keldim. Bu Rimdagi ko‘rgazmaning tavsiya etilgan mavzusida biz foydalanadigan shiorlardan biri bo‘lgan barqaror shahar.

Biz Rim kabi yirik shaharlarda ham atrof-muhitni asrash, resurslardan oqilona foydalanish zarurati borligini aniqladik, chunki ular chegaralangan. Katta shaharlar ham kelajak avlodlar hayoti haqida o‘ylashga majbur. Shunday ekan, avlodlarimiz qanday yashaydi, degan savolga javob berishimiz, o‘zimizdan keyin yashash uchun qulay muhit qoldirishimiz kerak.

Megapolislar «yashil iqtisodiyot» deb ataladigan narsa oddiy iqtisodiy faoliyat uchun yuk emas, balki muvaffaqiyat va foyda uchun tramplin ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, bizning dunyomiz va sayyoramiz qulaydi. Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

— Sizningcha, Toshkent barqaror shaharmi?

— Bilishimcha, ha. Men bu yerda 20 yildan ortiq vaqt oldin bo‘lgan edim. Hayratlanarli farq. Trafik yanada qizg‘inlashgan, ammo bu ham samarali tarzda. Ko‘rayapmanki, bu yaxshi yoritilgan, obod shahar. Bu yerga kelganimga bir necha kun bo‘lgan bo‘lsada, atrof-muhitni sog‘lom va musaffo saqlashga hokimlik va fuqarolarning e’tibori sezilarli darajada oshganiga guvoh bo‘ldim.

— Ammo 20 yil oldin bizda tramvay bor edi.

— Balki tramvay tugatilganida Toshkentning ehtiyojlari boshqacha bo‘lgandir. Ammo ishonchim komilki, yaqin kelajakda tramvay shahringiz ko‘chalariga qaytadi, chunki u atrof-muhitni ifloslantirmaydi, elektr energiyasi qazilma energiya manbalaridan ancha arzon, ko‘mir va neftdan farqli o‘laroq, uni turli manbalardan ishlab chiqarish mumkin. Men tashrif buyurgan ko‘plab shaharlarda, jumladan, men yashayotgan Rimda tramvay uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda.

— Shaharlar barqaror bo‘lishi uchun nima qilishlari kerak?

— Jamoat transportini rivojlantirish, undan foydalanish shaxsiy transportdan foydalanishdan ustun bo‘lsin. Avtomobillar uchun, masalan, elektromobillar uchun muqobil yoqilg‘i manbalaridan foydalaning. Ular arzon va xavfsiz. Albatta, buning uchun shaharda zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini qurish kerak bo‘ladi.

Shaharlarda qilish kerak bo‘lgan keyingi narsa qishloq xo‘jaligini shaharlarga integratsiya qilish va zavodlarni shaharlardan tashqariga ko‘chirishdir. Rim Yevropadagi eng yirik munitsipalitetlardan biri va qishloq xo‘jaligi rivojlangan eng yirik munitsipalitetdir. Rim nafaqat bog‘lar, balki ekinlar tufayli ham yashil rangga kirgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida shahar aholisi birinchi marta qishloq aholisidan ko‘p. Ko‘proq odamlar shaharlarda yashaydi. Bu tirbandlik, avtoturargohlar va kommunal xizmatlardan foydalanish muammolariga olib keladi. Munitsipalitetlar aholi ehtiyojlari, iqtisodiyot va ifloslanmagan atrof-muhitni saqlash o‘rtasidagi to‘g‘ri muvozanatga intilishi kerak, deb hisoblayman.

— Siz elektromobillarga o‘tishni taklif qilasiz. Ammo akkumulyatorlarni qayta ishlash haqida nima deysiz?

— Men olim emasman, lekin yechimi borligiga aminman.

— Bugungi kunda barqaror rivojlanish shaharlar uchun juda qimmat yechimdek tuyulishi mumkin. Ushbu konsepsiyaning iqtisodiy samarasi darhol sezilmasligi mumkin. Yo‘llarni kengaytirish va ko‘plab avtotransportlar sotish bu bir lahzalik foyda ekanligi aniq. Lekin jamoat transporti rivoji, jamoat joylarini obodonlashtirish samarasi hammaga ham yaqqol ko‘rinmaydi. Agar biz barqaror rivojlanishga bugun sarmoya kiritsak, undan qachon va qancha daromad olishimiz mumkin?

— Barqaror rivojlanish siyosati samarasini 10 yildan keyin to‘liq his qilish mumkin. Bugun tabiatni asrab-avaylash, tabiiy resurslarni tejash uchun barqaror rivojlanishga o‘tish zarurligi mutlaqo ayon bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, buni tezda amalga oshira olmasligimiz aniq. Shu sababli, transport nuqtai nazaridan, ikkita haqiqatni — shaxsiy va jamoat transportidan foydalanishda murosa topish kerak. Jamoat transportini rivojlantirish, unga yo‘lovchilarni ko‘proq jalb qilish va asta-sekin shaxsiy transportni jamoat transportiga almashtirish maqsadi sari harakat qilish kerak.

— Barqaror rivojlanishning afzalliklari nimada?

— Birinchidan, yonilg‘i uchun ortiqcha sarf-xarajatlar bo‘lmaydi. Atmosfera ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklar soni kamayadi. Hayot sifati yaxshilanadi, buni, ehtimol, pul bilan baholab bo‘lmaydi.

Agar unga ovoz berilsa, men sizga Rimda Expo 2030 ko‘rgazmasini o‘tkazishning barqarorlik foydasiga misol keltira olaman.

Biz pavilonlardan birini Rim yaqinida, universitet kampusi va antik davrlardan qolgan arxeologik joylar yaqinida qurishni rejalashtirganmiz. Biz Rimning yangi qismini — innovatsion va barqaror — bilim markazi va antik markaz o‘rtasida qurish g‘oyasidan ilhomlandik.

Taqdimotdan skrinshot «Insonlar va hududlar. Expo 2030 Rim.

Unga avtomobil, metro va boshqa jamoat transporti, shuningdek, velosipedda borish mumkin bo‘ladi. Velosiped yo‘lining masofasi 12 km bo‘lib, Qadimgi Rimning ko‘plab obyektlari, jumladan, akveduklari saqlanib qolgan ko‘chadan o‘tadi.

Rimda bo‘lib o‘tadigan Expo 2030 ko‘rgazmasining sub-mavzularidan biri sifatida qo‘shilish taklif qilinganligi sababli, biz «Insonlar va hududlar» asosiy mavzusi doirasida ishtirokchi mamlakatlarning har qanday nuqtai nazarini qabul qilishga tayyormiz. Biz barqaror shahar rivojlanishi bo‘yicha doimiy muhokama va fikr almashish uchun platformani taklif qilamiz. Biz mamlakatlarga ko‘rgazmada o‘zlarini taqdim etadigan loyihalarni ishlab chiqishda, barqaror rivojlanish bo‘yicha qarashlarini rivojlantirishda yordam berishga tayyormiz.

Masalan, O‘zbekiston o‘z mamlakatining go‘zalligini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, biz mamlakat taklif qilayotgan barqaror rivojlanish yechimlarini muhokama qilib, loyihani amalga oshirishni o‘z zimmamizga olishimiz — pavilon qurilishiga yordam berishimiz mumkin.

— Dubay Expo 2020 ko‘rgazmasini o‘tkazish uchun butun bir shahar qurdi. Ehtimol, Rim ham Expo 2030 uchun katta maydon ajratadi. Keyin bu hududlarga nima bo‘ladi? Zero, barqaror rivojlanish qurilishi uchun katta mablag‘ sarflangan maydonlardan foydalanishni nazarda tutadi.

— Rim nomzodi g‘alaba qozongan taqdirda yangi shahar qurishni rejalashtirayotganimiz yo‘q. Biz faqat mavjud shahar hududini biroz kengaytirmoqchimiz. Albatta, biz ushbu obyektlardan keyinchalik foydalanishimiz haqida o‘yladik. Biz butun tuzilmani qurilganicha qoldirishni rejalashtirmoqdamiz. Biz hech narsani buzmoqchi emasmiz.

Taqdimotdan skrinshot «Insonlar va hududlar. Expo 2030 Rim.

Ko‘rgazma yakunida mamlakatlar o‘z brendini ilgari surish zarur deb hisoblasa, ushbu sohalardan foydalanishda davom etishlari mumkin bo‘ladi. Ular pavilonni sotib olishlari yoki ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi. Yoki Rim munitsipaliteti kutubxonalar, idoralar, o‘quv va tibbiyot markazlarini joylashtirish uchun ushbu hududlardan foydalanish huquqini oladi.

— Toshkent Rimga musobaqada g‘alaba qozonishiga qanday yordam berishi mumkin?

— Hozirda O‘zbekiston hukumati e’tiborini Rimga ovoz berishga qaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Fuqarolar va korxonalarning pozitsiyasi ham yakuniy qarorga ta’sir qilishi mumkin.

Rimdagi ko‘rgazmada Toshkentning o‘z ko‘rgazmasini tashkillashtirishi qanchalik foydali bo‘lishi mumkin?

— Rimda 160 ta davlat vakillari qatnashadi. O‘zbekiston ularga o‘z boyligini, madaniy va tarixiy merosini ko‘rsatishi, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, masalan, to‘qimachilik va avtomobilsozlikdagi salohiyati haqida ma’lumotlarni ochib berishi mumkin bo‘ladi.

Taqdimotdan skrinshot «Insonlar va hududlar. Expo 2030 Rim.

Rim O‘zbekistonni yangi hamkor va sifatli tovarlar uchun yangi bozor sifatida qabul qilardi. O‘zbekiston esa Italiyani ilg‘or texnologiyalar sanoatiga ega hamkor sifatida qabul qilardi. Biz yuqori texnologiyali asbob-uskunalar, shuningdek, madaniy meros qiymatini oshirish, madaniy meros yordamida iqtisodiyotni o‘stirish, madaniy merosni tiklash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tajriba almashish, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, moda dizayni, mato ishlab chiqarishda yangi texnologiyalar kabi iqtisodiyot tarmoqlarida bilimlarni taklif qilishimiz mumkin.

Bizga ma’lumki, o‘zbek paxtasi dunyodagi eng yaxshi paxta hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonning ikat, xon-atlas va so‘zana kashta kabi milliy matolaridan Italiyada mashhur bo‘lgan zamonaviy liboslar dizaynida foydalanish mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston uchun bu ham dunyoda tan olinishini oshirish yo‘lidir.

— Milanda Expo 2015 bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmaning natijalari Italiyani yana ariza berishga undadimi?

— Milandagi Expo 2015 ham tashkilotchilar, ham ishtirokchilar uchun katta muvaffaqiyat bo‘ldi. Shunday ekan, biz yangi g‘oyalar va tushunchalarni joriy etish orqali bu muvaffaqiyatni oshirmoqchimiz. Ishonchimiz komilki, Butunjahon Expo ko‘rgazmasi iqtisodiy o‘sishga turtki berishi mumkin.

Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, italiyaliklarning katta qismi Rimda Expo 2030 ko‘rgazmasini o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu butun mamlakat uchun katta bozor. Fuqarolar bu rejalar haqida qayg‘urishmaydi, aksincha, optimistik qarashadi, chunki Butunjahon ko‘rgazma biz hozir kurashayotgan turli inqirozlardan keyin iqtisodiyot va xalqaro munosabatlarni tiklash uchun vosita bo‘lishi mumkin.

Expo 2030 ko‘rgazmasiga 160 ta mamlakatdan 30 million kishi tashrif buyuradi. Sayyohlardan tashqari biznes va hukumat vakillari, talabalar, ziyolilar va fikr yetakchilari keladi. Ular turli mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va sarmoyalarning o‘sishiga turtki berishi, umuman olganda, do‘stlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashi mumkin.