O‘zLiDeP partiyasidan Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar asoschisi va ma’muri Nuriddin Zaynitdinov bir necha deputatlik tekshiruvlar o‘tkazgani ortidan unga «siyosiy buyurtma» bilan provokatsiya uyushtirilayotganini ma’lum qildi.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, prezident Administratsiyasi va Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaatida deputat unga «ayrim mansabdorlarning dumini bosib olgani» sabab tahdid bo‘layotganini da’vo qilmoqda.

«Menga nisbatan jamoatchilik nazorati faoli va mahalliy Kengash deputati sifatida qonuniy haq-huquqlarim buzilib, har tomonlama tazyiq va siyosiy bosim bo‘lmoqda», deb yozgan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 oktabr kuni uning shaxsiy telefon raqamiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, unda o‘zini ichki ishlar organlari podpolkovnigi deb tanishtirgan shaxs, Uchtepa tumani IIO FMB binosiga zudlik bilan yetib kelishini talab qilib, kelmasa qayerda bo‘lsa ham topib olib ketishlarini aytib tahdid, bosim va provokatsiya uyushtirilgan.

Deputat bunda uning faoliyati kafolatlari buzilganini aytmoqda.

«Bundan tashqari ichki ishlar va boshqa organlar xodimlari qarindoshlarimga tegishli bo‘lgan o‘ylarga borgan, meni qidirayotganlarini ma’lum qilib, ularning qo‘ni-qo‘shnilariga savollar bergan. Ichki ishlar organlari xodimining fikriga ko‘ra, deputat bo‘la turib, tashrifdan oldin xalqni fikrini buzib, buzg‘unchilik va g‘alamislik qilayotgan ekanman. Tanqid ham qilmasligim, imkoni bo‘lsa gapirmasligim kerak ekan», — dedi u.

Nuriddin Zaynitdinov tasdiqlanmagan ma’lumotlarga tayanib, uni tumandagi bitta organ rahbari kutilayotgan davlat tadbiri oldidan ichki ishlar organi binosiga uni chaqirtirib, daxlsizlik huquqi borligiga qaramay, qonunlarni buzib, MJtKning 194 moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)ni asossiz qo‘llab, 15 sutka qamoqga jo‘natishmoqchi bo‘lishganini da’vo qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, podpolkovnik qo‘ng‘iroqlari suhbat audiosi rasmiy telegram kanaliga joylanganidan so‘ng to‘xtagan. Shuningdek, u deputatni chaqirgan IIO xodimining telefon raqami ko‘rsatilgan skrinshotni ham kanaliga joylashtirdi.

«Bu uyushtirilgan provokatsiyani siyosiy buyurtma sifatida baholayman va buyurtmachilar va bajaruvchilarni topilib jazolanishini talab qilaman. Bu holat qonunlarning qo‘pol buzilishi, ularni mensimaslik, deputatlik faoliyatimga asossiz aralashish va bosim o‘tkazishdir», — deb yozgan u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘zLiDeP partiyasi vakili Rasul Kusherbayev dushanba kuni «Normal, huquqiy davlatda Parlament tizimi vakili — mahalliy Kengash deputatini asossiz va daxlsizlik huquqini yechmay 15 sutka qamoqga jo‘natish mumkinligini tassavur qilib bo‘lmasligi» haqida yozdi.

Yanvar oyi boshida Nuriddin Zaynitdinov «siyosiy buyurtma, provokatsiya va bosim» tufayli deputatlik faoliyatini yakunlashi mumkinligini aytgandi. «Gazeta.uz» bilan suhbatda u buning ortida «tuman va shahar hokimliklari bilan bog‘liq uch-to‘rt deputat» turgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagandi.

Nuriddin Zayniddinov tuman hokimligi va uning hokimi Farxod Abdullayevni tez-tez tanqid qilib turadi. May oyida u tuman ma’muriyati rahbariga «ishonchsizlik ovozi» bilan murojaat qilib, uni «o‘z lavozimiga mutlaqo loyiq emas»deb e’lon qilgandi. Deputat tuman budjetining ijrosi, xususan, hokimlikning qo‘shimcha resurslari va zaxira fondlaridan foydalanishning qonuniyligini tekshirishni, so‘nggi 5 yil ichida hokimiyat balansidagi turar-joy binolari va boshqa obyektlarning holatini nazoratdan o‘tkazishni, turar-joy bo‘lmagan binolar va kvartiralar kimga ajratilayotganini, shuningdek, hokimning yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlarini tekshirishni taklif qilgandi.