Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 22 oktabr tongida Sirdaryo viloyatidagi harbiy omborxonada sodir bo‘lgan portlash yuzasidan izoh berdi.

U bunday texnogen xarakterga ega hodisalar to‘g‘risida prezidentga zudlik bilan darhol xabar berilishini ta’kidladi, deb yozmoqda Bu haqda Daryo.

«O‘sha kuni ham prezidentimizga axborot berilganidan keyin voqea sodir bo‘lgan joyga prezidentimiz tomonidan xavfsizlik kengashi raisi Viktor Mahmudov boshchiligida ishchi guruh jo‘natilgan edi. Ishchi guruh u yerga borib birinchi navbatda bo‘lgan talafotlarni tahlili bilan shug‘ullandi, bundan tashqari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev boshchiliklarida maxsus komissiya tuzilib, bo‘lgan talafotlarni tez kunda bartaraf etish bo‘yicha, birinchi navbatda singan deraza oynalari, kichik va o‘rta-biznes vakillari ishini qayta yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni amalga oshirishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ygandi», — dedi matbuot kotibi.

Sherzod Asadovning aytishicha, faol harakatlar natijasida oxirgi 1 sutka ichida Sirdaryoga 10 ming kv metrdan ziyod oynalar yetkazib berildi, bundan tashqari aholi va biznes vakillarining deyarli barcha tomlari ta’mirlanib berildi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 17 kishi jarohatlangan edi, hozir kasalxonalarda 7 kishi қолган, barchasi harbiylar.

«OAV va blogerlarimiz tomonidan har xil fikrlar, savol tug‘ilyapti. Demak, bu portlashning tasnifi bo‘yicha. Yakka portlash nima degani o‘zi. Bu keyinchalik detonatsiya bermagan portlash. Ya’ni, agar mana shu omborni oladigan bo‘lsak, bu omborxona 20-asrning 40 yillarida qurilgan, ilgari texnik qoidalarga ko‘ra juda ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ saqlangan. Ammo 2016 yildan so‘ng prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga ko‘ra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarog‘ saqlanmoqda», — dedi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, barcha obyektlarda jahon standartlariga ko‘ra qo‘yiladigan talab asosida injener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida portlash sodir bo‘lgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishining oldi olinadi.

Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir bo‘lgan va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talofot bo‘lmadi. Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, portlash to‘lqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi.

«Bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va bunga olib kelgan barcha omillar inobatga olinib, keng jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ushbu holat prezidentimiz nazoratidagi masaladir», — dedi Sherzod Asadov.

Eslatib o‘tamiz, 22 oktabr, shanba kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi harbiy omborxonada yuz bergan portlash oqibatida 3700 dan ortiq turar-joy va noturar binolar vayron bo‘lgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yakshanba kuni tushdan keyin Sirdaryo tumanida zarar ko‘rgan turar va noturar joy binolariga 10 ming kvadrat metr oyna va 4,5 mingdan ortiq shifer yetkazilgan.