Senat Kengashining 21 oktabr kungi majlisida Fan, ta’lim va sog‘liqni saqalash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Shaharsozlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta’minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishlari uchun moslashtirish mavzusidagi yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda kechdi.

Qo‘mita raisi Odiljon Iminovning aytishicha, o‘rganish davomida Xorazmda 4 ta maktab va 1 ta OTMning kirish qismida panduslar o‘rnatilmagani aniqlangan. «Nogironlarning bino ichida harakatlanishi haqida gapirmasak ham bo‘ladi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, «Kamolot» MFYdagi konteynerdan qilingan tibbiyot punktida 119 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatda turadi, shundan 14 nafari 1-guruh nogironi. Lekin ularga oyda bir martagina patronaj xizmati ko‘rsatilishi ma’lum bo‘lgan.

«Tibbiyot punktiga kelib-ketish, mobil UZI, EKG xizmatlari umuman ko‘rsatilmaydi. 25-maktabda 6 nafar nogiron o‘quvchiga faqat uyida dars o‘tiladi, ularga inklyuzivlikni ta’minlash choralari ko‘rilmagan. Tumandagi 1-maktabda pandus yerdan yuqorida joylashgan, kirish eshiklarining ostonalaridagi plintuslar aravachalarning xarakatlanishiga to‘sqinlik qiladi», — dedi senator.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Urganch davlat universiteti kutubxonasidagi lift ishlamaydi. O‘rganish mobaynida nogironligi bo‘lgan aravachadagi talaba qiz lift yo‘qligi bois biror marta ikkinchi qavatdagi mazkur kutubxonaning o‘quv zaliga kira olmaganini, brayl yozuvidagi barcha adabiyotlar o‘sha yerda joylashganini bildirgan.

«Urganch shahrida ko‘zi ojizlar uchun kutubxona tashkil etilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar kutubxona oldida ovozli svetofor va bekatlar yo‘qligi, avtobuslarda maxsus moslamalar o‘rnatilmagani va haydovchi tomonidan bekatlar e’lon qilib borilmasligi oqibatida manzillaridan adashib qolishlarini aytgan», — dedi Odiljon Iminov.

Senatorning qayd etishicha, ta’lim dargohlarida nogironlarning erkin harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yetarlicha emasligi, inklyuzivlik ta’minlanmaganligi bunday shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan foydalanishlariga eng katta monelik qilmoqda.