Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida alyansning deyarli barcha davlatlari Shvetsiya va Finlyandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishini ratifikatsiya qilganini ma’lum qildi.

Yens Stoltenberg, o‘z navbatida, Shvetsiya va Finlyandiyani qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. «Ittifoqchilar Shvetsiya va Finlyandiyani qo‘llab-quvvatlamasligini tasavvur qilib bo‘lmaydi», — dedi NATO bosh kotibi.

Bundan tashqari, Stoltenberg alyansning ko‘plab a’zo davlatlari potensial yangi a’zolarga xavfsizlik kafolatlarini berganini ta’kidladi.

NATO Parlament Assambleyasi saytida xabar qilinishicha, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishini hali tasdiqlamagan oxirgi ikki davlat bo‘lgan Vengriya va Turkiya yaqinda alyansga yangi a’zolarni qabul qilishni ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.