Davlat statistika qo‘mitasi hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ning dastlabki natijalari qonunchilikni yangilash uchun asos bo‘lishi mumkin. Bu haqda payshanba kuni MICS-2022 yakunlari taqdimotida ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonda huquqiy hujjatlarni shakllantirishda xalqaro tashkilotlar va milliy institutlar yordamida olib borilayotgan tadqiqotlar faol qo‘llanilmoqda. Ushbu tahlil o‘tkazilib, barcha ko‘rsatkichlar bizga topshirilgach, biz e’timol, amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishimiz mumkin. Ya’ni, bu hatto qonunlarga o‘zgartirish kiritishni ham talab qiladi», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.

«Hozir barcha davlat organlari va nodavlat sektorda 2023 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturiga kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish ustida ish olib borilmoqda. MICS natijalari, albatta qo‘llaniladi, biz barcha ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqamiz. Birinchi navbatda, bular — sog‘liqni saqlash, ta’lim masalalari, bolalarni tarbiyalashda otalarning ishtiroki, bolalarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish masalalari — garchi eng yomon ko‘rinishdagi bolalar mehnatiga barham berilgan bo‘lsa-da, bu hali ham qo‘shimcha chora-tadbirlar talab qiladi. Bu davlat, vazirlik va idoralarimiz uchun katta faoliyat sohasi. Biz esa bunga albatta fuqarolik jamiyatini jalb qilamiz», — dedi Senat raisi.

Bahodir Begalov. Foto: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

Statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalovning so‘zlariga ko‘ra, klaster kuzatuvlari natijasida mamlakatda onalar va bolalar turmush tarziga oid statistik ma’lumotlar yangilanadi va xalqaro ma’lumotlar bazalarida o‘z aksini topadi.

«Albatta, MICS natijalari bizga so‘nggi yillarda ayollar va bolalarning ahvolini yaxshilash bo‘yicha so‘rovlarda O‘zbekiston qanday yutuqlarga erishganini yaxshiroq tushunish imkonini taqdim etadi va shunga mos ravishda biz kelajakda ishlashimiz kerak bo‘lgan muhim yo‘nalishlarni belgilab beradi», — dedi Statistika qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Odil Mamadaliyev.

Odil Mamadaliyev. Foto: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham MICS-2022 ma’lumotlarini amaliyotda qo‘llash haqida gapirdi.

«MICS uchun eng katta bosqich bugun boshlanadi — bu ushbu ma’lumotlardan qanday foydalanishni xohlashimizni bildiradi. Ayni paytda 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston strategiyasi tayyorlanayotganidan xabarimiz bor. Umid qilamizki, barcha vazirlik va idoralar o‘z vazifalari va dasturlarini amalga oshirishda MICS natijalaridan foydalanadi», — dedi u.

Munir Mamedzadening qo‘shimcha qilishicha, MICS natijalarini boshqa tadqiqotlar uchun asos sifatida olish ham muhim. YUNISEF vakolatxonasi rahbari umumiy so‘rov natijalarini sharhlar ekan, ularda qayd etilgan muammolarni hal qilish uchun nafaqat davlat, balki jamiyatni ham safarbar qilish zarurligini ta’kidladi.

«Chunki ma’lum darajada bu qayta ishlash kerakligini ko‘rsatidigan ma’lumotlar bo‘lib, uni tahlil qilish va tushunish kerak. Ularning to‘g‘ri talqin qilinishi esa juda muhim. So‘rovnomaning natijalari to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishda foydanlanilishi lozim. Biz ikki yil davomida juda ko‘p kuch va vaqt sarfladik, shunchaki nashr qilish va uni javonga joylashtirish uchun emas. Asosiysi, undan kundalik ishimizda qanday foydalanishimizdir», — deb ta’kidladi u.

Munir Mamedzade. Foto: Statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

«Menda shunday tushuncha shakllanganki, biz ko‘p jihatdan xulq-atvor me’yorlari, jumladan, bolalarni tarbiyalash bilan bog‘liq qiyinchiliklar haqida gapiramiz. Axir, bu yerda davlat bizni majburlay olmaydi, biz o‘zimiz bunga qaror qilishimiz va farzand tarbiyasida otalar ishtirokining muhimligini tushunishimiz kerak. Ko‘krak suti bilan boqish amaliyoti yoki oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish kabi ko‘plab boshqa masalalar butun jamiyatning munosabatini o‘zgartirishni talab qiladi. Shuning uchun biz umumiy safarbarlik — odamlarning bu jarayonlarda ishtirok etishiga umid qilamiz», — dedi Munir Mamedzade.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, shuningdek, so‘rovnoma yangi muammolarni ko‘rsatayotganini ham ta’kidladi.

«Ilgari biz [bolalarning] to‘yib ovqatlanmasligi yoki bo‘yi pastligi bilan bog‘liq muammolar haqida ko‘proq gapirgan bo‘lsak, endi ortiqcha vazn haqida gapiramiz. Biz ovqatlanishni diversifikatsiya qilish haqida gapiramiz, o‘smirlarning ruhiy salomatligi haqida gapiramiz — bu bizning alohida e’tiborimizni talab qiladigan yangi tushunchalar hisoblanadi. Shuningdek, ma’lumotlar to‘plash nuqtai nazaridan [bolalar nogironligi] va nogironlikning tizimli darajada qamrab olinishi muhimligini ta’kidlamoqchiman. Chunki bizda nogironlik masalalari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar yo‘q. Shunga ko‘ra, davlatning bu yo‘nalishdagi siyosatini to‘liq amalga oshirib bo‘lmaydi», — dedi u.

Munir Mamedzade aholini ro‘yxatga olish va yuqori sifatli ma’lumotlarning tizimli to‘planishi yuqoridagi kamchiliklarni to‘ldirish uchun yaxshi imkoniyat ekanligini qo‘shimcha qildi. «YUNISEF [O‘zbekiston bilan] bu sohalarning barchasida hamkorlik qiladi», deb ishontirdi u.