19 oktabr kuni prezident «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi [O‘RQ-794-sonli] qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Jinoyat kodeksining 168-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, firibgarlikni axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Endilikda ushbu jinoyat BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, 169-moddada kompyuter tizimiga ruxsatsiz kirib, undan qonunga xilof ravishda foydalanish ham besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-moddasiga moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lganlik uchun ham javobgarlik tayinlandi. Ushbu huquqbuzarlik og‘irlashtiruvchi holatlarda 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga yoki BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.