Payshanba kuni kechqurun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkilotning xizmat mashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganiga rasmiy izoh berdi.

Xabarda aytilishicha, 01 978 LGA raqamli mashina rahbar o‘rinbosariga biriktirilgan bo‘lib, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda haydovchi oila a’zolaridan birining sog‘ligi yomonligi tufayli mashinani tez haydagan.

U o‘z harakati bilan boshqa mashinaga halaqit berganligi uchun o‘sha vaqtning o‘zida uzr so‘ragan. “Ayni vaqtgacha YHXB tomonidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga olib ketilgan”, — deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Videoda haydovchi oynani tushirib, qo‘lini ko‘targanini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, u burilish chiroqlarini yoqmay mashinalarni quvib o‘tgan, bu harakatlar esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.

Qayd etilishicha, SES rahbariyati haydovchi bilan “tushuntirish-targ‘ibot ishlari” olib borgan. Toshkent shahar IIBB YHXB ham “profilaktik suhbat” o‘tkazgani va mashina xaydovchisiga 3 mln so‘m jarima qo‘llagani haqida xabar berdi.