Vetnamning VietJet Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni rejalashtirmoqda, deya xabar qilmoqda Uzbekistan Airports.

Aaviakompaniya Xoshimin va Toshkentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘laydi. Birinchi yo‘lovchi reysi 15 dekabrga belgilangan. Parvozlar Airbus A-330 samolyotlarida 10 kunda 1 marta amalga oshiriladi.

VietJet Air — xalqaro arzon (loukoster) aviakompaniya bo‘lib, Vetnamda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Xoshimin shahrida joylashgan birinchi xususiy aviakompaniyadir. VietJet Air besh yil davomida (2017−2021 yillar) AirlinesRating tomonidan eng yaxshi ultra arzon aviakompaniya sifatida e’tirof etilgan.

Bundan avval yana bir loukoster — WizzAir Abu Dhabi aviakompaniyasi 13 dekabrdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Chiptalar narxi 40 dollardan boshlanadi. Kompaniya veb-saytida dastlabki reyslarning narxi 90 dollar ekanligi ko‘rsatilgan.