Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘laklarida 1 iyuldan buyon «Masofaviy bojxona nazorati — bojxonachisiz bojxona» tizimi ishlamoqda. Ushbu tizim sharofati bilan O‘zbekistondan boshqa davlatga uchib ketuvchilar 30 soniya ichida bojxona tekshiruvidan o‘tadi. Ularning yuklari ham aynan shuncha muddatda tekshirib bo‘linadi. Qolaversa, mamlakatga uchib keluvchilar haqidagi ma’lumotlar hali ular aeroportga qo‘nmaslaridanoq bojxonachilar qo‘liga tushmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Toshkent xalqaro aeroportiga uyushtirilgan press-tur davomida ushbu tizimning qanday ishlashini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Birinchi bosqichda shubha ostiga olingan fuqarolar aeroportga kirgach, yukini topshirib, o‘zi body scaner qurilmasidan o‘tadi. Ularning tanalari skaner qilinib, ma’lumotlari elektron jurnalda qayd etib boriladi. Agar fuqaro bungacha ushbu aeroportdan uchgan bo‘lsa, u haqdagi eski ma’lumotlar tarixi ham chiqib keladi.

Qurilma giyohvand moddalar, zargarlik buyumlarini oshqozoniga yoki tanasining boshqa qismiga yashirib o‘tmoqchi bo‘lganlarni tezda aniqlaydi. Texnika SSV xulosasini olgan bo‘lib, inson salomatligiga salbiy ta’siri yo‘q. Tekshiruvdan o‘tishga esa 30 soniyadan ko‘p vaqt ketmaydi.

Yo‘lovchilarni tekshiruvdan o‘tkazuvchi body scaner qurilmasi. Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi.

Yuklar esa rentgen apparatidan o‘tadi. Butun boshli yuklarni faqat bir kishi — maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan xodim nazoratdan o‘tkazadi. Uskuna monitorida yuk ichida nimalar borligi ko‘rinadi va har bir jism maxsus belgilangan ranglarda tasvirlanadi.


Bojxona xizmati xodimi rentgen nurlaridan o‘tayotgan yukni tekshirmoqda. Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi.

Rentgen qurilmasi ikki nurdan iborat: yon va tepa qismdan buyumga nur ber beradi. Misol uchun, biror qurol olib o‘tilmoqda deylik. Qurilma 2 tomonlama nur evaziga uni darrov aks ettiradi. Agar yuk orasida shubhali buyum aniqlansa, u zudlik bilan to‘xtatiladi va yuk egasi zaldan chaqirtiriladi. Uning ishtirokida sumka ikkinchi bor rentgen qurilmasida tekshiruvdan o‘tadi.

Rentgen nurlari kuniga 2 smena davomida 7−8 ta reysdagi yuklarni nazoratdan o‘tkazadi. Har bir reysda turli xil miqdorda, o‘rtacha 100−150 yoki 300 ta bagaj bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonga kirish, ya’ni aeroportning uchib kelish qismida har bir fuqaro va yuklarning ma’lumotlari avvaldan aeroportdagi situatsion markazga yetkaziladi.

Bundan tashqari, bino shiftiga o‘rnatilgan maxsus kameralar avvaldan shubha ostiga olingan fuqarolarni aniqlaydi hamda ularning ko‘rinishi, kiyimi, yuki haqidagi tafsilotlarni situatsion markazga yetkazadi. Markazdagi xodimlar buni ko‘rgach, ratsiya orqali uchib kelish joyida turgan tekshiruvchi bojxona xodimlariga xabarni yetkazadi. Tekshiruvchilar shubhaga olingan yo‘lovchilarni to‘xtatib, yuklarini 2 ulchamli va 3 ulchamli nazorat apparatidan o‘tkazib, tekshiradi. Agar ortiqcha tovarlar aniqlansa, uni vaqtincha saqlovga qo‘yadi. Yo‘lovchi bilan huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuziladi. Shunday qilib, hech kim tekshiruvsiz chiqib ketmaydi.


Qanday qilib O‘zbekiston aeroportiga endi kelib turgan fuqaro shubhali bo‘lishi mumkin?

Buning barchasi AVIAMN dasturi orqali aniqlanadi. Unda uchib kelish va ketish bo‘yicha barcha reyslar haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan. Uchib kelayotgan fuqarolarning ma’lumoti, hattoki, qaysi o‘rindiqda o‘tirib kelayotgani ham kelinayotgan hududdagi aeroport tomonidan dasturga kiritiladi. Masalan, agar siz AQShga uchib ketmoqchi bo‘lsangiz, siz xarid qilgan chiptadan tortib, tegishli ma’lumotlaringizgacha barchasi AQSh aeroportida bo‘ladi. O‘zbekistonga ham xuddi shu tartibda ma’lumotlar yetib keladi. Shubhali shaxslar ro‘yxati esa maxsus talablar asosida tuziladi.

Uchib keluvchi va ketuvchi reyslarni kuzatuvchi AVIAMN dasturi

Nega shubhali shaxslar uchib kelishidan avval o‘sha davlatning o‘zida to‘xtatib qolinmaydi?

Sababi, har bir davlat aeroportida bojxona xizmatining o‘z talablari mavjud. Ular biror davlatdan olib chiqib ketishi mumkin bo‘lgan buyum O‘zbekistonda taqiqlangan bo‘lishi mumkin. Shuni inobatga olib, belgilangan talablar asosida dastur shubhali shaxslarni aniqlaydi.

Bundan tashqari, mazkur dastur bojxonachilarga ham ish taqsimlaydi. Masalan, bitta reysda qancha kam shubhali yo‘lovchi aniqlansa, shuncha kam sonli bojxona xodimi tekshiruvda qatnashadi.

Aytaylik, yaqinda Toshkent xalqaro aeroprotida 57 ta timsoh bolalari tegishli hujjatlarsiz mevalar solingan quti ichidan topilgandi. Bojxona xizmati kapitani Olimxon Tojixo‘jayevning ta’kidlashicha, uni Misr davlatida o‘qiyotgan 2004 yilda tug‘ilgan o‘zbek talabalari boshqa bir shaxsning iltimosiga ko‘ra olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ular shubhali shaxslar ro‘yxatida bo‘lmagan, biroq tekshiruv natijasida sumkadagi idishlarda meva shakliga o‘xshamaydigan jism aniqlangan. Ochib ko‘rilganda, ichidan 57 ta timsoh bolasi bor bo‘lib chiqqan. Situatsion markaz xodimining aytishicha, timsoh bolalari uchun protsessual hujjat rasmiylashtirilgan. Sud qarori e’lon qilingandan so‘ng, jonivorlarning keyingi taqdiri hal bo‘ladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Do‘stmuhammedovning so‘zlariga ko‘ra, aeroportda joriy etilgan «bojxonachisiz bojxona» xizmati orqali qilingan eng katta ish O‘zbekistonga uchib kelayotgan fuqarolarning kimligini aniqlash imkoniyatidir.

Shuningdek, tizimda inson omilini kamaytirib, fuqarolarni qabul qilishda tezkorlikni ta’minlaydi.

«Mana, hozir kartina — bir kunda nechta reys bo‘lsa, ichida qancha va qanday fuqaro (nechtasi xorijiy, nechtasi O‘zbekiston fuqarolari), qancha yuk bilan kelayotgani ko‘zimiz oldimizda paydo bo‘ldi, — dedi u. — Bundan tashqari, yuklar miqdori haqidagi ma’lumotlar ham ro‘yxatga olinyapti. Bu juda katta masala, qolaversa, bu shaffoflikka olib keladi, korrupsiya va o‘g‘rilikning oldini oladi».

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Do‘stmuhammedov.

Uning keltirishicha, ushbu ma’lumotlar kelajak uchun muhim. Xususan, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aynan mana shu uchish tarixida belgilangan ma’lumotlari orqali topish oson bo‘ladi.

Qo‘mita xodimlarining ma’lum qilishicha, 1 yanvardan O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda situatsion markaz ishga tushadi. Hozircha bu tizim faqat Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlarida bor. Dastur faqat 11 ta xalqaro aeroportda bojxona xodimlari uchun xizmat qiladi. Oddiy fuqarolar undan foydalana olmaydi.

Shu o‘rinda, bojxona xizmati xodimlari yo‘lovchilardan notanish va ishonchli bo‘lmagan shaxslarning yuklarini o‘zlari bilan olib o‘tmaslikni so‘radi. Sababi, ayrim shaxslar chet el aeroportlarida yaqinlari yoki tanishlariga, ba’zan pul taklif qilgan holda yo‘lovchilarga qo‘shimcha yuk olib ketishni so‘rashadi. Biroq ana shunday yuklar orasidan taqiqlangan moddalar va buyumlar borligi ham uchrab turibdi. «Giyohvand moddalarni ham o‘zlari bexabar holda mana shunday olib o‘tayotgan fuqarolar ham uchrab turadi. Bunday tashuvchi inson o‘zi bilmagan holda jinoiy javobgarlikka tortiladi», — dedi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari vazifasini bajarauvchi Husan Tangriyev.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari vazifasini bajarauvchi Ҳuсан Tangriyev. Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti orqali 4135 ta reysda (Xalqaro uchib ketish — 2138ta, MDX davlatlariga uchib ketish 1997ta) 592,8 mingdan ziyodroq yo‘lovchi (yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda 11 220nafar) post orqali uchib ketishgan. Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda harakatlangan 210 nafar fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 2 nafarida bojxona qonun buzilishi holati aniqlangan.

Uchib ketish yo‘nalishi bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar orasida jami 56 ta holatda qiymati 3 mlrd 622,5 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sgan. Mazkur holatlar yuzasidan 5 ta jinoiy hamda 41 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.