17 oktabr kuni kechqurun Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Yeysk shahridagi turar-joy binosi hovlisiga tovushdan tez uchuvchi Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyoti qulab tushdi, deya xabar bermoqda «RIA Novosti» Rossiya mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Halokat «Janubiy harbiy okrug harbiy aerodromidan o‘quv parvozi uchun» ko‘tarilish chog‘ida sodir bo‘lgan. Uchuvchilar katapulta qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Ularning ta’kidlashicha, halokatga dvigatellardan birining yonishi sabab bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi halokat joyida yoqilg‘i yonishi sodir bo‘lganini ma’lum qildi. OAVning yozishicha, yong‘in ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidan beshinchi qavatigacha qamrab olgan.

Rossiya Telegram-kanallarida e’lon qilingan videolavhalarda halokat joyi yaqinidagi uy yonib ketganini ko‘rish mumkin. Ba’zi lavhalarda uchuvchining parashyuti ko‘rsatilgan.

Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumotlar aniqlanmoqda.