15 oktabr kuni ertalab Qashqadaryo viloyatidagi 35-sonli manzil koloniyasidan mahkum qochib ketdi. Bu haqdagi xabar 16 oktabr kuni Kompromatuzb Telegram-kanalida tarqaldi.

17 oktabr kuni ertalab IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti mazkur xabarni tasdiqladi. Departament axboroti xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Qarshi shahridagi 4-mintaqaviy hudud 35-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan P.Z.ning 2022 yil 15 oktabr kuni soat 18.00 larda koloniya hududida yo‘qligi aniqlangan. O‘sha kuni soat 18:30da P.Z.ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan va 20:35 da manzil muassasa hududidan ruxsatsiz chiqib ketganligi aniqlanib, koloniyaga olib kelingan.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida tug‘ilgan mahkum Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining 2015 yil 30 sentabr kungi hukmiga asosan, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (nomusga tegish jinoyati) bo‘yicha 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. P.Z. muqaddam boshqa jinoyatlar qilgani uchun ham sudlangan.

«Mahkum Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 2020 yil 12 may kunidagi ajrimiga ko‘ra, Jinoyat ijrioya kodeksining 113-moddasiga asosan, o‘talmay qolgan 9 yil 11 oy 10 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tash uchun manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan», — deyiladi departament axborotida.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat ijroiya kodeksining 114 moddasi bo‘yicha manzil-koloniyalarda mahkum soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi, ertalabdan kechgacha koloniya hududida erkin harakatlanishi, fuqarolik kiyimini kiyishi, obektlarga borib ishlashi, ish yoki ta’lim olayotgan bo‘lsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishi, yonida pul va qimmatli buyumlar saqlashi, puldan cheklanmagan holda foydalanishi, cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishi, posilka, yo‘qlov va banderollar olishi hamda jo‘natishi mumkin.

«Shu sababli mahkumning manzil-koloniyadan chiqib ketish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Ammo uning bu hatti-harakatiga qochib ketish, deb qaralmaydi. Bu tartibbuzarlik hisoblanadi. Mahkumning ketib qolishiga nisbatan jinoiy javobgarlik yo‘q. Tartibbuzarligi uni intizomiy jazo olishi yoki yana yopiq koloniyaga qaytarilishiga sabab bo‘ladi», — deyiladi departament taqdim etgan ma’lumotda.

Qayd etilishicha, hozirda IIV huzuridagi JIED tomonidan mahkum P.Z.ning ushbu tartibbuzarligiga huquqiy baho berilib, jazo muddatining qolgan qismini o‘tash uchun yopiq turdagi koloniyaga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.