A-380 G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beynau avtomobil yo‘lining 78 kilometrida Spark haydovchisi beton to‘siqqa urildi, deya xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi T.B. Spark avtomashinasida ketayotib Koson tumani «Obron» MFYga kelganda avtomashinalar harakatlanadigan yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Oqibatda haydovchi hodisa joyida, uning yo‘lovchisi U.V. esa shifoxonada vafot etdi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB xuzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, Qo‘qon — Yaypan — Isfara avtomobil yo‘lining 10 kilometri — Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida Labo va Nexia avtomobillari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.

Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar qilinishicha, Labo avtomashinasini boshqarib kelgan haydovchining kutilmaganda qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib harakatlanishi natijasida ikkala mashinaga ham jiddiy ziyon yetdi. Nexia avtomobilining orqa o‘rindig‘ida onasining qo‘lida bo‘lgan 2009 yilda tug‘ilgan qizaloq olgan tan jarohatlari sababli shifoxonaga yuborildi. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, qizaloq shifoxonada vafot etdi.