Toshkentning Yangihayot tumanida Veolia Energy Tashkent xorijiy kompaniyasi xodimi 600 dollar pora olayotgan vaqtda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, shu yo‘l bilan u abonentning qarzini so‘ndirishga va’da bergan.

Veolia Energy Tashkent ushbu huquqbuzarlikni keskin qoralashini bildirib, kompaniya rasmiy vazifalarning asosiy tamoyillarini ifodalovchi Ichki mehnat qoidalarini ishlab chiqqanini ma’lum qildi. Shuningdek, yaqin kelajakda kuchga kirishi kerak bo‘lgan Ishbilarmonlik xulq-atvori va korporativ etika tartibini ishlab chiqmoqda.

«Veolia faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda amaldagi qonunlar va qoidalarga amal qiladi, shuningdek, mas’uliyat, birdamlik, hurmat va mijozlarga e’tibor qadriyatlariga muvofiq keng tarqalgan axloq qoidalariga amal qiladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 iyuldan Toshkent shahar issiqlik ta’minoti Fransiyaning Veolia Energy Tashkent kompaniyasi boshqaruviga o‘tgandi. Tashkilot 30 yil davomida ushbu tizimni boshqarib, gaz, elektr energiyasi va suvdan trillionlab so‘mni iqtisod qilish hamda issiqlik yo‘qolishini 44 foizdan 20 foizgacha pasaytirishga ko‘maklashadi.