O‘zbekiston MDH doirasida erkin savdo tartibidagi mavjud cheklovlarni to‘liq bekor qilishga tayyor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«O‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar qabul qilishimiz zarur. Biz bu haqda juda ko‘p gapirdik. Endi amaliy harakatlarga o‘tish vaqti keldi», — dedi davlat rahbari MDH davlatlarining hozirgi sharoitda O‘zbekistonning qarashlaridan kelib chiqqan holda umumiy vazifalari haqida gapirar ekan.

«Biz, shuningdek, 2009 yildagi Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga qo‘shilish to‘g‘risida qat’iy qaror qabul qildik. Hamdo‘stlikdagi hamkorlarimizdan ham ana shunday harakatlarni kutib qolamiz», — dedi u.

U qabul qilingan MDHning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish maqsadida turdosh vazirlarga o‘zaro savdo o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqqan holda, bir oy muddatda maslahatlashuvlar o‘tkazishlari yuzasidan topshiriq berishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev dunyodagi vaziyatni ta’riflar ekan, «kuchayib borayotgan tanglik va strategik noaniqlik, zamonaviy dunyo tartibotining asoslari va tamoyillariga putur yetayotganini»ni ta’kidladi.

«Oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga qarshi tahdidlar xatarli darajaga yetib, ko‘plab mintaqalarda ijtimoiy tebranishlar va beqarorlik holatlarini keltirib chiqarmoqda. Afsuski, Hamdo‘stlik makoni ham bundan chetda qolayotgani yo‘q. Ushbu salbiy tendensiyalarning barchasi barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan umumiy harakatlarimizga to‘sqinlik qilmoqda», — dedi prezident.

«Ko‘rinib turibdiki, bunday keng ko‘lamdagi muammolarni faqatgina birgalikda hal etish mumkin. Aynan shuning uchun biz MDH maydonidan maksimal darajada foydalanishimiz — tashkilotimizning mavjud salohiyatini chuqur tahlil qilishimiz va ko‘p qirrali hamkorlikning butun imkoniyatlarini ishga solishimiz lozim», — dedi u.

Bundan tashqari, prezident oziq-ovqat xavfsizligi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligi haqida gapirdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z hamkorlarini uzoq muddatli fyuchers shartnomalarini tuzish orqali oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, ertapishar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyor. O‘z navbatida, mamlakat g‘alla, yog‘-moy va ozuqabop ekinlarning kafolatlangan tarzda yetkazib berilishidan manfaatdor.

«Mamlakatlarimizning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Bu o‘rinda gap Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar hamda Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha loyihalar haqida bormoqda. Ushbu yo‘llar MDH transkontinental transport tashuvlarining muhim zanjiriga aylanishiga ko‘maklashadi hamda yuklarni olib o‘tishning muddati va narxini bir necha barobar qisqartirib, amaldagi yo‘nalishlarni izchil to‘ldirib boradi», — deya ta’kidladi prezident.

«Ishonchim komilki, transmilliy yo‘laklarning ko‘pvariantli bo‘lishi Hamdo‘stlik davlatlari mahsulotlari uchun keng ko‘lamli yangi bozorlarni ochadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.