Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan sobiq Ittifoq vaqtida bo‘lganidagidek siyosat yuritmaslikni so‘radi. 14 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-Rossiya» sammitidagi nutqining videoyozuvini Informburo.kz nashri e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasida muammolar kuzatilmoqda.

«Biz ochiq aytishimiz kerak. Biz nimani xohlayapmiz? Butun dunyoga Rossiya va Markaziy Osiyo, bizda muammolar borligini ko‘rsatish uchunmi? Va haqiqatan ham borligi ma’lum bo‘ldi. Bizda allaqachon bu „beshlik“ bor! Befoyda suhbatlar, bekorga ma’lumot olishlar, ma’lumotlarni o‘zlashtirish. Ko‘zbo‘yamachilik. Hech qanday effekti yo‘q. Amerika + Markaziy Osiyo. Janubiy Koreya + Markaziy Osiyo. Yaponiya + Markaziy Osiyo. Tez orada, ehtimol, Pokiston + Markaziy Osiyo. Hindiston + Markaziy Osiyo. Yana kim qolib ketdi?» — dedi u.

«Bizga nima yetishmayapti? Nimadir yetishmayotgandek. Nimadir ishlab ketmayapti. Sovet ittifoqining parchalanishi asosiy sababi bo‘lgani kabi. (Vladimir Putinga murojaat qilib — tahr.) Siz xafa bo‘lmang. Biz siz bilan guvoh bo‘lgandik. Qanday qulaganiga men guvoh bo‘lgandim… Meni ma’zur tutasiz, o‘shanda hozirgidek kichik respublikalarga, kichik xalqlarga e’tibor ham yo‘q edi. E’tibor. An’analar, urf-odatlar, boshqa hammasiyam hisobga olinmadi. Taraqqiyot uchun yordam ko‘rsatilmadi, qo‘llab-quvvatlanmadi», — dedi prezident faol imo-ishoralar bilan.

«Va hozir odamlar qayoqqa qarab ketyapti? Kecha siz 2 mln (Rossiyada ishlayotgan tojikistonliklar — tahr.) haqida aytdingiz. Bu… Men xohlagandim, lekin bugun aytmoqchiman. 2 mln emas. Bu 2 mlndan ortiq fuqarolarimiz Rossiyaga nafaqat pul ishlab topish uchun uchib ketayapti. Pul ishlash uchun — 600 mingdan ortiq emas. Siz orqali boshqa mamlakatlarga ham uchishardi. Ko‘ramiz, kelasi yili bu 50 foizga kamayadi, chunki yo‘l yopiq — ular uchib ketolmaydi. Va keyin, ular o‘qishyapti, davolanishyapti. Ha, azaldan o‘ziga tortib kelgan, axir ular bir mamlakatda yashagan. Ular qayerga borishyapti? Eronga emas, Pokistonga emas, Saudiya Arabistoniga emas, yoki bizni hech kim kutmagan boshqa joyga (hissiyot bilan — tahr.). Ular Rossiyaga borishyapti», — dedi Emomali Rahmon.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati.

Tojikiston prezidenti biznes-forumlar asosan Qozog‘iston va O‘zbekiston poytaxtlarida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

«Hamkasblarim ranjishmasin. Ostona va Toshkentda, xuddi Sovet Ittifoqida bo‘lgani kabi: Kiyev, Minsk va Olmaotada. Qolgan respublikalar oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa [shundayligicha qoldi]: «sut ber», «paxta ber», «uni ber-buni ber». Hech qanday infratuzilma yo‘q… Hozir nega biz Tojikistondagi qandaydir baxtsiz biznes-forum uchun yolvoramiz? Tashqi ishlar vaziriga: «Chiq», — deb ko‘rsatma berdim, biz kutayapmiz. Men hatto siz bilan gaplashdim. «Overchukka (Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk — tahr.) [aloqaga] chiqing, hech bo‘lmaganda vazirlar darajasida ishtirok ta’minlansin. Yo‘q, vazir o‘rinbosarlari darajasida. Tojikiston — strategik hamkor mana shunga loyiq (bosh chayqadi — tahr.). Nima uchun, nima uchun bunday yo‘l tutayapmiz?» — so‘radi u.

Emomali Rahmonning aytishicha, Tojikistonda 2,5 mln maktab o‘quvchisi rus tilini o‘rganadi, ammo darsliklar yetarli emas, vaholanki bu haqda 30 yildan beri aytib kelinyapti.

«Harbiy bazalar mavjud. Poligonlar avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Hamma narsa, bizda … Rahmat. Meni kechirasiz. Hozir 30 ming rusiyzabon, men ularni qochqin demayman, ko‘chib yurganlar bizga qaytib kelishdi. Ular butun dunyoga: „Bular o‘sha mehnat muhojirlari emas, qaranglar, biz Tojikistondamiz, bu yerda bunday, bunday va bunday deb“ aytishmoqda… Bizdan shunday davlatni yasashdiki… qanday aytishni ham bilmayman», — dedi u.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Tojikiston prezidenti shunday davom etdi: «Ha, biz — kichik xalqlarmiz. Biz 100−200 mln emasmiz. Biroq bizda sevadigan tariximiz bor. Bizni hurmat qilishlarini istaymiz. Biz tilanchi emasmiz. Bizning davlatimiz boy. Mineral resurslar zaxiralari Mendeleyev tizimidan ham ko‘proq. Men guvohman, Rossiyadan kelgan barcha ishbilarmonlar faqat „qaymog‘iga“ — uglevodorod xomashyosi, neft va gaz borligi bilan qiziqadi. Ammo tog‘-kon sanoati, rangli metallurgiya, qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar, juda ko‘p va hatto harbiylar uchun dunyoda yo‘q strategik xom ashyo mavjud. Siz menikida bo‘lganingizda aytgandim. Zaxira bo‘yicha Tojikiston birinchi o‘rinda turadi. Hech kimni qiziqtirgani yo‘q. Mana, yig‘ildik, keling sharoit yaratib beraylik. Biz qayerdadir noto‘g‘ri ish qildikmi? Qayerdadir kim bilandir to‘g‘ri salomlashmadikmi?».

«Biz har doim asosiy strategik hamkorimiz manfaatlarini hurmat qilganmiz va hurmat qilamiz. Biroq biz ham hurmat qilishlarini xohlaymiz… Nima, biz qandaydir begonamizmi yoki shundaymi? — deb so‘radi Tojikiston prezidenti. U mintaqa davlatlarini sarmoya kiritishga chaqirdi, chunki bu yerga kiritilgan sarmoya qisqa vaqt ichida o‘zini oqlashi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, u tojikistonliklar boshqa joyga emas, Rossiyaga borishini yana bir bor eslatib o‘tdi. «U yerda ular shunchaki pul topishmayapti, balki ishlashayapti ham».

Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev rais sifatida Emomali Rahmondan nutqini yakunlashni so‘radi.

Tojikiston prezidenti o‘z nutqini shunday yakunladi: «Vladimir Vladimirovich, bizning sizdan iltimosimiz shuki, Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan Sovet Ittifoqi davrida bo‘lgani kabi siyosat yuritilmasin. Har bir davlatning o‘z muammosi, har bir davlatning o‘z masalalari, har bir davlatning o‘ziga xos an’ana va odatlari bor. Oltin o‘rtalikni topish kerak, har bir respublika bilan alohida ishlash kerak».

Video