Qoraqalpog‘istonda maktablarni bepul oziq-ovqat bilan ta’minlash ishlari boshlandi, deya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatiga tayanib Hudud inform kanalida xabar qilindi

Ma’lum bo‘lishicha, 11 oktabrdan boshlab Taxiatosh, Xo‘jayli, Qonliko‘l va Amudaryo tumanlari hamda Nukus shahridagi jami 98 ta umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf (1−4-sinf) o‘quvchilarini budjet hisobidan bepul ovqat bilan ta’minlash ishlari boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib hukumatning joriy yil 25 avgustdagi qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, taomnoma kundalik.com platformasi orqali yuritilib, maxsus komissiya tomonidan nazorat qilinadi.

Joriy yilning fevralida Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq faollari bilan suhbati davomida Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 142 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilayotgani ma’lum qilingandi. «Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga joriy etamiz», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari bolalarni bog‘chalarga 2 yoshdan qabul qilishni yo‘lga qo‘yish niyati borligini, buning uchun esa mamlakat iqtisodiyoti yanada mustahkamlanishi kerakligini aytgandi.