Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yildan «mahalla budjeti» tizimi joriy etilishini, «har bir mahalla o‘z muammolarini mustaqil hal qilishi»ni ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirdi.

1 yanvardan boshlab har bir viloyatning soliq undirilishi past bo‘lgan bittadan tumanida, tajriba tariqasida, aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Undirilgan mol-mulk va yer solig‘i mahalla budjetida qoladi.

Har yili 1 fevralga qadar hokimlar mahalla raisi va hokim yordamchilari bilan birga mahalla budjeti hisobidan hal qilinadigan loyihalar ro‘yxatini tuman Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi.

«2023 yil yakunida ushbu tajriba barcha hududlarda joriy qilinadi», — deb yozadi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Mutasaddilarga ushbu mablag‘larni shakllantirish, sarflash va nazorat qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mahallalar qoshida budjet tuzish rejalari haqida o‘tgan yilning sentabr oyida gapirgan edi.

«Oxirgi yillardagi harakatlarimiz tufayli hokimliklarda mahalliy budjet paydo bo‘ldi. Bu yo‘q edi. Endi mahallalarda budjet tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Tasavvur qilinglar, o‘zining puli bo‘lsa, mahalla qanday o‘zgaradi — yo‘lini to‘g‘rilaydi, suv olib keladi, shoxobcha ochadi. Kelgusida mahallaga pul ham kiradi, talab ham boshqacha bo‘ladi», — degandi prezident.