Oliy ta’lim muassasalarining 1-kursida tahsil olayotgan, ijarada yashaydigan talabalarga sentabr va oktabr oyi ijara to‘lovlarining bir qismi hech qanday ijara shartnoma talab qilmasdan to‘lab beriladi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktoi Alisher Sadullayev ma’lum qildi.

Istisno tariqasida talabalarga ijara to‘lovining 50 foizi, Toshkent shahrida BHMning 1 baravarigacha (hozirda 300 ming so‘m), qolgan hududlarda esa BHMning 0,5 baravarigacha (hozirda 150 ming so‘m) to‘lanadi.

Noyabr oyidan boshlab to‘lovlar faqat ijara shartnomasini taqdim etgan talabalar uchun davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijarada yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi. Unga ko‘ra, OTMning faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan talablarga ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Bir qismini qoplab berish o‘quv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi.

Bunda ariza beruvchi tegishli ma’lumot yoki hujjatlarni o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘limi dekan o‘rinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi.

O‘tgan yili boshlangan bunday chora-tadbirlarga qaramay, yangi o‘quv yilida birinchi kurs talabalari yotoqxonalarda yetarlicha o‘rin bo‘lmasligi sabab qiyinchiliklarga duch keldi. Talabalarga uy-joyini ijaraga beradigan xonadon egalari esa ijara shartnomasi tuzishni xohlamaydi, shuning uchun ular kompensatsiyadan foydalana olmaydi.

Muammoga yechim sifatida Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz varianti ustida ish olib borilayotganini aytgandi.

«Gazeta.uz» viloyatlardan poytaxtga kelgan talabalarni uy-joy bilan ta’minlash muammosi haqida yozgandi. Uy-joyga muhtoj talabalarning umumiy soni 211 ming nafarni tashkil etadi.