9 oktabr kuni Turkiyaning Istanbul shahri Kadiko‘y tumanida 3 qavatli uyda sodir bo‘lgan portlash va uning ortidan kelib chiqqan yong‘inda halok bo‘lgan uch kishining ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlandi. Bu haqda Haberturk nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Fikirtepe mahallasida soat 19.05 da 3 qavatli binoning 3-qavatida chiqqan va yonidagi 2 ta binoga yoyilgan yong‘inni o‘chirishga jami 56 o‘t o‘chiruvchi va 19 ta texnika jalb qilingan. Alanga 3 soat davom etgan sa’y-harakatlar bilan o‘chirilgan. Biroq yong‘indan katta zarar ko‘rgan binodan uch kishining jasadi olib chiqilgan.

Hodisada O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan A. K. jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Uning 68 yoshli otasi M. K.,10 yoshdagi qizi N. K. hamda shaxsi aniqlanmagan yana bir kishining halok bo‘lgani aniqlangan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, ayni paytda konsulxona xodimlari jarohatlangan fuqaroning ahvolidan boxabar bo‘lib turibdi, shuningdek, marhumlarning jasadlarini O‘zbekistonga jo‘natish masalalari bilan shug‘ullanmoqda.