Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha Jahon chempionatinig 6 kunida erkaklar o‘rtasida -100 kg vazn toifasida kurashgan Muzaffarbek To‘raboyev oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bellashuv Xalqaro dzyudo federatsiyasining rasmiy saytida onlayn berib borildi.

U Kanada terma jamoasi vakili Kayl Reyesga qarshi kurashib, Golden Score (qo‘shimcha vaqt)da uni mag‘lub etdi.

Shuning bilan, O‘zbekiston dzyudo bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatida 2 ta oltin medalga ega chiqdi. Avvalroq, Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida mutlaq chempion deb topilgandi.

Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektorda prezidentga bu haqida xabar berildi. Davlat rahbari ushbu yangilikni katta mamnuniyat bilan qarshi olib, sportchi va butun o‘zbek xalqini g‘alaba bilan tabrikladi.