6 oktabr kuni Toshkent shaxrida bojxonachilar 433 mln so‘mlik pirotxenika vositalarini to‘xtatib qolishdi, deya Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Xusan Tangriyev xabar bermoqda.

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari DXX xodimlari bilan birga tezkor tadbir o‘tkazdi. Ular oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi Isuzu yuk mashinasini to‘xtatib, tekshirganda yukxonadagi ketmon dastalari ortidan qog‘oz qutilarda 5 turdagi 77 272 dona pirotexnika vositalarini topdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo, sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan mazkur salyut va petardalarning jami qiymati 433 mln so‘m.

Bundan tashqari mazkur mashinada 28 640 dona lekoplastir va termometrlar, 41 488 dona shaxsiy gigiyena va parfyumeriya vositalari ham muqaddam noqonuniy ravishda olib kirilgani ma’lum bo‘ldi. To‘xtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati salkam 696 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshladi.

Ma’lumot uchun, yanvar oyidan beri bojxonachilar va huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar 27 ta qonunbuzilish holatlarida qiymati 652 mln so‘mlik 109 168 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘ydi.