UzAuto Motors kompaniyasi 6 oktabr kuni IPO — aksiyalarni birjaga joylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Bu O‘zbekistonda yirik davlat kompaniyasi tomonidan birinchi ommaviy taklif (IPO) hisoblanadi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisining ma’lum qilishicha, kompaniya jismoniy va yuridik shaxslar sotib olishi mumkin bo‘lgan 5% gacha aksiyalarini «Toshkent» Respublika fond birjasiga joylashtiradi. Iyulda o‘tkazilgan tenderda Freedom Broker investitsiya kompaniyasi IPO bo‘yicha anderrayter sifatida tanlab olingan edi.

«IPO`ga mo‘ljallangan 23ta bank va kompaniyalar orasida birinchi bo‘lib UzAuto Motors aksiyalarini „Toshkent“ fond bozoriga joylashtirish uchun marketing tadbirlarini boshladi. Bu juda mashaqqatli yo‘l, bugungi kunga qadar kompaniya jamoasi juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Shu kungacha kompaniya katta transformatsiya jarayonini amalga oshirdi, moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlariga keltirdi, xalqaro kredit reytinglari oldi va katta mashaqqatlardan so‘ng xalqaro obligatsiyalarini London fond birjasiga joylashtirdi», — dedi Odilbek Isoqov.

«UzAuto jamoasining birgalikdagi sa’y-harakatlari va davlat rahbarining bevosita ko‘magi bilan UzAuto Motors zarar ko‘ruvchi va subsidiyalangan kompaniyadan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan eng yirik va eng daromadli avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi», — dedi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov.

«Tahlilchilar IPO`dan so‘ng avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalari narxi oshishini kutishmoqda, chunki bu ishonchli va foyda keltiruvchi korxona», — deya izoh berdi Freedom Broker ijrochi direktori Yevgeniy Mojeyko.

1993 yilda tashkil etilgan UzAuto Motors 2020 yildan buyon O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar o‘nligidan joy olib kelmoqda. Daromad besh yil ichida 2,6 baravarga — 1,33 mlrd dollardan (2017 yilda) 3,5 mlrd dollarga (2022 yilda) o‘sdi. 2026 yilga kelib, daromadlarni 5,28 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Sof daromad 82 mln dollardan 280 mln dollarga oshdi va 2026 yilda 459 mln dollarga yetishi kutilmoqda.

Bu davrda ishlab chiqarish hajmi 2,4 baravarga — 140 mingtadan 340 mingtagacha oshgan. To‘rt yil ichida UzAuto Motors yiliga 500 ming dona avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

2022 yilda prognoz qilingan 48,3 mingta avtomobil eksportini 2026 yilda 100 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

2021 yilda Chevrolet rusumli avtomobillar ishlab chiqaruvchisi London fond birjasiga 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirdi. Keyin talab taklifdan 5 barobar oshib ketdi.