Senatorlar 33-yalpi majlisda yangi tahrirdagi «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun 31 ta moddadan iborat, uning maqsadi standartlashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish. Amaldagi qonun 1993 yilda qabul qilingan, senatorlar uni bugungi kun talablariga va standartlashtirish sohasidagi xalqaro hujjatlarga mazmunan to‘g‘ri kelmaydi, deb topdi.

«Milliy standartlashtirish tizimini zamon talablari darajasida takomillashtirmay turib, raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etish mushkul. Shu jihatdan qaraganda mazkur Qonun ushbu yo‘ldagi sa’y-harakatlarning muhim tarkibiy qismi deyish mumkin. Qonun sohada mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi barobarida katta vazifalar ham yuklaydi. Ilmiy-amaliy, tashkiliy-texnik, kadrlar kabi muhim masalalarni samarali hal qilish talab etiladi. Hukumat, mutasaddi va manfaatdor idora, tashkilotlar bunga alohida e’tibor qaratishlari zarur», — deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Yangi tahrirda «davlat standarti» tushunchasi majburiy bajarish ma’nosini anglatgani bois xorijiy tajribalarga tayangan holda «milliy standart» tushunchasiga o‘zgartirilmoqda. Bunda milliy standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Jahon Savdo tashkiloti, Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot va boshqa tashkilotlar talablariga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar iste’mol bozorlari yoki xorijiy bozorlarga kirib borishi hamda raqobatbardoshliligini oshirib borishi uchun standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llaniladi.

Qonunning qabul qilinishi bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiy tusdan ixtiyoriylikka o‘tadi. Shu bilan birga xalqaro, mintaqaviy va xorijiy standartlarni O‘zbekistonda qo‘llash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ular Milliy organning qarori bilan milliy standartlar sifatida o‘zgarishsiz qabul qilish orqali qo‘llaniladi.

Shuningdek, standartlashtirish sohasida muayyan muddatga qabul qilinadigan «dastlabki standart»ni (DS — Dastlabki Standart) qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.

Turli xil idoralar kesimida standartlashtirish bo‘yicha ishlarni alohida-alohida olib borish amaliyoti bekor qilinib, standartlarni ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, ro‘yxatga olish, yangilash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati standartlashtirish bo‘yicha Milliy organ — O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston Standartlar institutiga berilmoqda.

Qolaversa, standartlashtirish faoliyatini tashkil etish tartibi aniq belgilanmoqda. Jumladan, standartlashtirish ishlarini rejalashtirish, standartlar axborot bazasini yaratish va yuritish, standartlarni qo‘llash, nashr qilish va tarqatish, Standartlashtirish sohasidagi nizolarni hal qilish tartibi, ya’ni Apellyatsiya komissiyasini tuzish belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy va xorijiy standartlar asosida o‘z mahsulotlari va tovarlarini ishlab chiqishda hamda xizmatlar ko‘rsatishda qulayliklar yaratib beradi. Bu aholiga sifatli mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.