Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 7 oktabrdagi 22/1-sonli qaroriga asosan «Turkiston» xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan, shuningdek, 22/2-sonli qarori bilan Hi-tech bank XATBdan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar chaqirib olindi.

Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni, Hi-tech bank esa 29-o‘rinni egalladi.

Turkistonbank va Hi-tech bank tomonidan «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilganligi, xususan:

  • ️bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
  • ️regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligini;
  • ️bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
  • ️buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
  • ️bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
  • ️jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘isida»gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qildi.

Markaziy bank boshqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan «Turkistonbank» va Hi-tech bank`ni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlandi va «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga asosan bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tdi.

«Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan Turkistonbank va Hi-tech bank omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi, deyiladi regulyator xabarida.

Aholiga omonat mablag‘larini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.