O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari ikki davlat chegarasidagi Kampir-Obod (Andijon) suv omborini boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tuzadi, deb xabar qildi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Facebook`da.

Davlat rahbari Kampir-Obod suv ombori yaqinida joylashgan tumanlar aholisi bilan uchrashganini, ularga O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarini aniqlashtirish bo‘yicha vaziyatni tushuntirganini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, ikki davlat chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini 2022 yil oxirigacha yakunlashi kutilmoqda.

«Umuman olganda, bahsli yerlarning deyarli 99 foizi bizning foydamizga. Kempir-Obod avvallari to‘liq o‘zbek tomoni nazoratida bo‘lgan, ammo endi biz 50/50 ulushga ega qo‘shma korxona tuzamiz va [suv ombori] to‘g‘onini birgalikda boshqaramiz, deb kelishib oldik», — deb yozadi u.

Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suv omboridagi suv sathi 908-gorizontaldan 900-gacha pasayadi. Natijada suv ombori qirg‘og‘idagi 1246 gektar yer bo‘shatiladi va qirg‘iz xalqi undan qishloq xo‘jaligida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, Sadir Japarov, ehtimol, O‘zbekiston bilan chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar natijalariga ishora qilib, qolgan chegara hududlari taqdiri ma’lum vaqtdan keyin e’lon qilinishini aytdi.

«Bu xabarni xursandchilik bilan qabul qilasiz. Bir santimetr ham yer berganimiz yo‘q. Biz, aksincha, faqat qabul qildik», — deb yozgan Qirg‘iziston prezidenti.

Suv ombori O‘zbekistonning Andijon viloyati va Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlari chegarasida joylashgan. U 1983 yilda qurilgan. Unga Tar, Qorako‘lja va Qoradaryo suvlari quyiladi.