AQSh Mehnat vazirligi O‘zbekiston paxta sanoatida mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda majburiy va bolalar mehnatining oldini olish uchun 2 million dollarlik hamkorlik bitimi imzolanganini e’lon qildi.

Moliyalashtirish O‘zbekiston paxta korxonalari salohiyatini xalqaro mehnat standartlari va munosabatlariga moslashtirishga qaratilgan.

«O‘zbekistonning mehnat standartlariga sodiqligi va qoidalarga bo‘ysunishi, mamlakatda yetishtirilgan paxtadan foydalanish va unga sarmoya kiritishga xalqaro qiziqishni jonlantirdi. Ushbu iqtisodiy o‘sish imkoniyatlaridan foydalanish uchun ish beruvchilar munosib mehnat sharoitlarini ta’minlashi va ishchilarning ovozi va huquqlarini hurmat qilishi kerak. Shu bilan birga, ishchilarga mehnat amaliyotini qonuniy himoya qilish va mehnat qonunchiligiga rioya qilish tizimlarida ishtirok etish uchun vositalar kerak bo‘ladi», — dedi mehnat vazirining tashqi ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Tea Li.

O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turadi va yiliga 1 million tonnadan ortiq paxta yetishtiradi, deyiladi hisobotda. Uning yillik yig‘imi 2 millionga yaqin ishchini ish bilan ta’minlaydi, AQSh Mehnat vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, paxta terimi dunyodagi eng katta mavsumiy mehnat safarbarligi hisoblanadi. Bunda ishchilarning qariyb yarmi o‘zlarining yillik daromadlarini terimdan oladilar.

Loyiha AQShning mehnat huquqlari sohasidagi eng yirik nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lgan — «Birdamlik markazi» (Solidarity Center), AQSh Savdo palatasi filiali hamda Milliy demokratik jamg‘armaning to‘rtta asosiy institutidan biri bo‘lgan Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazi (Center for International Private Enterprise) ishtirokida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oxirida AQSh o‘zbek paxtasini bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan chiqardi. Buning natijasida AQShga paxta eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Biroq, mamlakatda ipak pilla yetishtirishda hamon majburiy mehnat qo‘llaniladi, deya xabar beradi AQSh mehnat vazirligi.

Joriy yilning mart oyida Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yilda mamlakatda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor o‘zbek paxtasiga 2009 yilda boykot e’lon qilingandi.