«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. Navbatdagi taqdim etilayotgan maqola — Suyun Qorayev tomonidan 1990 yilda yozilgan.

Shahar ichi atamalari

O‘zbek tili davlat tili maqomini oldi. Endi uni fan tiliga aylantirish ustida o‘ylashimiz kerakki, tilimiz fan-texnikaning barcha sohalariga oid son-sanoqsiz istiloh (termin)larni o‘z lisoniy vositalari yordamida bemalol ifodalay olsin. Bu esa murakkab vazifa bo‘lib, vaqt va katta kuch-mablag‘ talab qiladi. Buning uchun normativ lug‘atlar, turli fan sohalariga doir istilohiy lug‘atlar yaratilishi kerak. Bu borada O‘zbekiston SSR Nozirlar kengashi huzurida tuzilgan Istilohshunoslik qo‘mitasidan, O‘zSSR Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutidagi Istilohshunoslik va lug‘atlar bo‘limidan umidimiz katta. Hozir shu institutda o‘zbek tilining ko‘p jildli izohli lug‘ati tuzilayapti.

Tilshunoslar, adiblar, jurnalistlar umuman o‘z tilini qadrlaydigan, uning kelajagi haqida jon kuydiradigan har bir fidoyi o‘zbek tilining ichki imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga, shevalarda ishlatiladigan behisob durdonalarni yig‘ib, adabiy til mulkiga aylantirishga harakat qilmog‘i kerak.

Shuningdek, shahar ichi istilohlarini ham tilimizda to‘g‘ri ifoda etishni uzil-kesil hal qiladigan vaqt keldi. Masalan, alleya ham, bulvar va skver ham ko‘pincha xiyobon deyiladi. Holbuki ularning farqi bor: alleya ikki tomoniga daraxt hamda butalar o‘tqazilgan yo‘l yoki bog‘dagi yo‘lak; bulvar esa — odatda shahar ko‘chasining o‘rtasidagi keng xiyobon; skver bo‘lsa — shahardagi kichik jamoat bog‘i; yo park bilan bog‘ ham boshqa-boshqa — park ko‘pincha tabiiy o‘rmondan yoki uning bir qismidan foydalanib, barpo etiladi va uning hovuzlari, yo‘laklari, gulxonalari, jamoat dam olishi uchun mo‘ljallangan boshqa jihozlari bo‘ladi.

Quyida shahar istilohlari haqida so‘z yuritib, ba’zi bir atamalarni adabiy tilga kiritishni taklif etamiz.

BEKAT. Hozir stansiya ham, ostanovka ham, stoyanka ham ko‘pincha bekat deyilayapti. Holbuki bularning har biri boshqalaridan vazifasi, xizmati bilan farq qiladi; masalan, stansiya jumladan, metro stansiyalari jihozlanishi jihatidan ostanovkadan farq qiladi. Bekatni «stansiya» ma’nosida ishlatish mumkin; ostanovka, shuningdek stoyanka uchun esa boshqa so‘z topish kerak.

KENT. Bu so‘z «shahar» ma’nosini anglatishini bundan ming yil oldin Mahmud Qoshg‘ariy ham aytgan edi. O‘rta Osiyo, Qozog‘iston, Kavkaz, Sharqiy Turkiston, O‘rta Sharq, Kichik Osiyoda kent deganda hozir ham «shahar», «aholi istiqomatgohi» tushuniladi. Asli so‘g‘diycha bo‘lgan bu atama qadimdan ikki shaklda ishlatilgan, ya’ni kat, kas (oxirgi tovush tishlar orasidan chiqadigan s) «uy» va «qishloq» ma’nolarini anglatgan. Katak, katalak so‘zlari ana shundan kelib chiqqan. Kent, kend ham, kas ham hozir ko‘plab shahar va qishloq nomlari tarkibida uchraydi. O‘zbekistonda Sho‘ro hokimiyatining dastlabki yillarigacha kent «shaharcha», «posyolka», Turkiyada kent «shahar», Ozarbayjonda «qishloq» ma’nosini anglatgan. O‘zbekistonda bu so‘zni oldingi ma’nosida tiklash mumkin: posyolkani kent, shahar tipidagi posyolka yoki shahar posyolkasini shahriy kent desa bo‘ladi. Bundan tashqari posyolka o‘rniga qasaba so‘zini qabul qilish ham mumkin. Bu so‘z, jumladan, Navoiyda, Boburda «shaharcha», «posyolka» ma’nosida uchraydi. Turklar (qasaba), ozarboyjonlarda (gasaba) uni aynan shu ma’noda ishlatayaptilar-ku!

MOZOR. Bu so‘z arabcha bo‘lib, «ziyorat qilmoq», «qadam ranjida qilmoq», «tashrif buyurmoq», «yo‘qlab bormoq» ma’nosidagi zora fe’liga -ma qo‘shimchasi qo‘shilib, makonni, joyni bildiradi. Mozor asli, «ziyoratgoh», «avliyo qabri» demakdir. Qishloq joylarda har qanday muqaddas joyni mozor yoki avliyo deyishadi. «Mozor bosib kelgan», «Tuyaning mozor bilan nima ishi bor» iboralari so‘zning o‘sha ma’nosi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Keyinchalik har qanday qabriston ham mozor deyila boshlangan. «Bolali uy bozor, bolasiz uy mozor» iborasidagi mozor ana shu ma’noni anglatadi. Qabristonni mozorot yoki mozoriston deyish to‘g‘riroqdir, go‘riston ham shu ma’noda; tashlandiq qabriston qo‘yindi ham deyiladi.

MAVZE (ko‘pligi mavozi). Bu so‘z arabcha bo‘lib, asl ma’nosi «yer», «makon», «shahardan uzoqdagi joy» demakdir; ruscha «urochie» so‘ziga to‘g‘ri keladi. Qo‘qon xonligi arxivlarida «qishloq», «aholi punkti» ham mavze deb atalgan. Toshkent shahrida mavze deganda shahar chekkasidagi xususiy bog‘lar, dala hovli tushunilgan.

NOHIYA, nohiyat, ko‘pligi navohiy. Arabcha bu so‘z «tevarak-atrof», «viloyat», «mamlakat» ma’nolarini anglatgan. Masalan, Sirdaryoning o‘rta oqimini arab jug‘rofiyashunoslaridan Ibn Xavqal nohiya desa, Muqaddasiy rustoq, Yoqut Hamaviy esa viloya degan (bular ma’nodosh so‘zlar). Yana o‘sha Yoqut Panjakent atroflarini «navohiy» degan. Klassik fors-tojik adabiyoti namoyondalari ham nohiya, nohiyat so‘zini «mamlakat», «o‘lka», «tevarak-atrof» ma’nosida ishlatganlar: nohiya Navoiyda, Boburda ham (ko‘plik shaklida) «mamlakat», «tuproq», «yer», tushunchasini bildiradi. Turkiyada nahiya «volost», «ma’muriy birlik», «tegra», Eronda «okrug», «tevarak-atrof». O‘rta Osiyoda tuman so‘zi ham rayon ma’nosiga bir oz mos keladi: «O‘n ming va undan ortiq askar yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma’muriy-territorial birlik» (O‘zSE, 11 tom, 333-bet). Hazora yoki minglik ham ma’muriy-territorial maydon ma’nosida ishlatilgan (masalan, Buxoroda 50 ming tanob yer hazora deyilgan); Sho‘ro hokimiyati yillarida O‘zbekistonda depara so‘zi «rayon» ma’nosida ishlatilgan. Toshkent shahri inqilobdan oldin to‘rt dahaga bo‘lingan; shu ma’noda daha so‘zi ham rayon so‘ziga yaqin kelishi mumkin; lekin qishloq joylarda, masalan, Samarqand, Jizzax viloyatlarida daha 40-yillargacha «qishloq soveti» tushunchasi o‘rnida ishlatilgan.

CHORSU: 1. O‘rta Osiyo shaharlarida bosh ko‘chalar chorrahasi; 2. Shaharning bosh ko‘chalari kesishgan joy ustiga qurilgan gumbaz, tim. Tarixchi O. I. Smirnova so‘zlariga qaraganda, chorsu zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»da chovrusuq «bozor» ma’nosida uchraydi (aynan ma’nosi «to‘rt tomonli»). Chovrusuq tojik tiliga, keyinchalik o‘zbek tiliga chorsu, chorsi shaklida kirgan. Arab tilida suq «bozor»; u holda chorsuq «to‘rt bozor» bo‘ladi; forscha matnlarda «chorbozor» so‘zi ham uchraydi. Akademik V. V. Bartold Turkmanistondagi tarixiy Marv (hozirgi Mari) shahri tarixiga oid maqolasida chorsu haqida bunday deydi: «Ilgarilari bozorlar aksari shahristonlar devoridan tashqarida, rabotda bo‘lar edi; endi bo‘lsa darvozalardan shahar markaziga qarab boradigan bosh ko‘chalar kesishgan joyda bozorlarning markaziy gumbazi — chorsu turibdi» (Bartold, Asarlar, IV tom, 192-bet). Keyingi paytlarda chorsu «bozor joy», «markaziy bozor» degan ma’noni anglatgan.

CHOSHTEPA, shoshtepa. Tojikcha chosh «uyum» (choshdan «to‘kmoq», «uymoq» fe’lidan), qo‘rg‘ontepa, qorovultepa, tepaqo‘rg‘on, tuproqqo‘rg‘on, o‘ygantepa, Zarafshon — vodiysida tol — tuproq uyub qilingan tepalik; tabiiy tepaliklardan ham foydalanilgan va ustiga yana tuproq uyulgan. Ko‘proq mudofaa maqsadlarida qurilgan. Bir tepalik ikkinchi tepalikdan, ikkinchi tepalik uchinchi tepalikdan ko‘rinib turgan va harbiy xavf tug‘ilganda birbiriga turli yo‘llar (olov yoqish, tutun chiqarish) bilan xabar berganlar.

SHAHRISTON — o‘rta asrlarda shaharning davlat hokimi yashaydigan markaziy qismi, ichki shahar, kreml. Sanskritda bu so‘z «shahar davlat hokimi turadigan joy», «rezidensiya» ma’nosini bildirgan. Shahriston atrofi baland devor — shahriband bilan o‘ralgan. Shahristonni arablar madina deyishgan. Tashqi shahar rabot, ba’zan esa chaqar ham deyilgan. Masalan, Bobur tosh shaharni, ya’ni tashqi shaharni chaqar deb atagan. Shu bilan birga ichki shaharni shahri darun, tashqi shaharni shahri berun deb atashgan. Shahar bilan birga qala-qal’a so‘zi ham ishlatilgan. Masalan, Xorazmda ichki shahar — ichan qala, tashqi shahar — dishan qala deyilgan. Shuningdek, ko‘n kovushdan farqli o‘laroq rezina galosh qalakovush, ya’ni shaharkovush deb atalgani ham shuni ko‘rsatadi. Bir-biriga yaqin joylashgan bir to‘da shahar ham shahriston deyilgan. Shu ma’noda bir qancha aholi istiqomatgohlari va shaharlarning bir-birlariga qo‘shilib ketishidan hosil bo‘lgan ulkan shahar — megapolisni shahriston desa bo‘lar ekan.

SHOKO‘CHA. Shaharning keng to‘g‘ri ko‘chasini prospekt deb kelamiz, bir zamonlar xiyobon ham deyishgan. Toshkent shahar toponimiya komissiyasidan Yozuvchilar uyushmasiga borishganda kimdir, prospektni shohko‘cha deyish kerak, debdi. Taklif o‘rinli. Chunki Mavoraunnahrning bosh shaharlari hisoblangan Buxoro bilan Samarqand orasidagi katta yo‘lni buyuk tarixchi Narshaxiy «shoh roh» deb atagan (bu so‘z tojik tilida hamon «magistral» «trakt» ma’nosida ishlatiladi). Taklifimiz shohko‘cha emas, shoko‘cha deb yozgan ma’qul. Chunki o‘zbek tilida so‘zning ikkinchi tarkibiy qismi undosh tovush bilan boshlansa, shoh so‘zidagi h harfi (tovush ham) tushib qolaveradi: shokosa, shosupa, shotut (tojikchada shohkosa, shohtut va b.).

Umuman shahar ichi istilohlari o‘zbek tilida yaxshi ishlanmagan; hali aytganimizdek alleya ham, skver ham, bulvar ham «xiyobon» deyiladi; proyezd, tupik kabi so‘zlarning ham durustroq o‘rindoshi yo‘q; tupik «boshi berk ko‘cha» yoki xaltako‘cha deb kelingan. Professor Ortiq Mo‘minov mahallasida proyezdni «yonko‘cha» deyishibdi. Torko‘cha, jinko‘cha degan so‘zlarimiz ham bor.

QISHLOQ. Har qanday shahar dastlab qishloq bo‘lgan. Bu so‘zni kim bilmaydi deysiz. Lekin bu so‘zning kelib chiqishi haqida hamma ham o‘ylab ko‘rgan deb bo‘lmaydi. Qishloq «qishlanadigan, qish o‘tkaziladigan joy» degani. Ko‘pgina xalqlar ilgarilari ko‘chmanchi hayot kechirganlar. Masalan, ko‘chmanchi o‘zbeklar. Bunda kishilar yozda yaylovga ko‘chib borishgan. Yaylov, jaylov «yozloq», «yozda turiladigan joy» degani — qadimiy turkiy tilda yay, yoy, joy «yoz» demakdir. Masalan, qirg‘izlar hozir ham yozni joy, bahorni esa jaz deyishadi. Xalq qish kelishi bilan qishlovga — qishloqqa ko‘chib kelishgan. Qishloqda tom uyda, ya’ni g‘ishtin uyda turishgan. Yaylovda esa o‘tov — bo‘z uy tikishgan. O‘rta Osiyoda tojikcha deh so‘zi ham ishlatilgan: Buxoroning XIV — XV asrlarga oid vaqf hujjatlarida bu ikkala istiloh ham ishlatilgan. Deh turg‘un aholi istiqomatgohi bo‘lib, unda kishilar qishin-yozin yashashgan. Ularning farqini «falon dehning qishloqlari» — «qishloqot yoki qishloqho dehi…» kabi jumlalardan bilsa ham bo‘ladi — demak, dehning bir necha qishlog‘i — qishlovi bo‘lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur tog‘ma-tog‘ kezib yurganda «Falon joyga qishloq solduk», ya’ni «qishlash uchun to‘xtadik» deydi.

Hozir qishloq deganda o‘troq aholi istiqomatgohi tushuniladi. Bu so‘z Tojikistonda ham deh so‘zini surib chiqardi, Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston, Eronda ham keng ishlatiladi. Biroq O‘zbekistonda bu so‘zga sun’iy ravishda qo‘shimcha ma’no yuklatildi — Oliy Sovet prezidiumining farmoniga ko‘ra qishloq Soveti ham «Qishloq» deyiladigan bo‘ldi. Bu xato mumkin qadar tezroq tuzatilishi kerak.

Suyun Qorayev, filologiya fanlari nomzodi.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son.