4 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘lib turgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatlar rahbarlari O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari 2021 yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani chinakam tarixiy voqea bo‘lgani hamda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi rivojiga to‘liq hamohangligini ta’kidladi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.


Davlat rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar ko‘payganini qayd etdi. Tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish rejasini ro‘yobga chiqarishga kelishib oldilar.

Viktor Orban Vengriya O‘zbekistonni o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini ta’kidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham o‘zaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qat’iyligidan dalolat beradi.


Qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo‘shma fond tuzish topshirildi.

Shu bilan bir qatorda biznes-forum va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo‘nalishlari qamrab olinadi.


Tomonlar yaqinda o‘tkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlari, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Budapeshtda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi. Vengriya 2016 yilda Toshkentda o‘zining elchixonasini ochgandi.

Imzolangan hujjatlar


Budapesht shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.

Hujjatda muzokaralar do‘stona, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etilgan, har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lgani ta’kidlangan.


Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi. Bular:

  • 2023−2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur;
  • Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi;
  • Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.


Shuningdek, bojxona, adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, uzumchilik, investitsiya sohalarida, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi akademiyasi va Vengriya Davlat xizmati universiteti, Samarqand viloyati va Xaydu-Bixar okrugi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi va Tashqi ishlar va savdo instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.


Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. O‘zbekistonning birinchi borti Toshkentga uchib keldi.