7 sentabr kuni Toshkentning Yashnobod tumanida 500 dan ortiq mevali daraxt yonib ketdi. Deputat Rasul Kusherboyevning so‘zlariga ko‘ra, hodisa “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i ro‘parasida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Musamuxamedova-Djurayeva Dilfuza fermer xo‘jaligi hududidagi jami 531 tup daraxt, jumladan, 2 tup yong‘oq, 446 tup olxo‘ri va 83 tup terak nobud bo‘lgan. Ularning ba’zilari keyinchalik kesib tashlangan. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 134,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga quruq o‘tga tashlangan o‘chirilmagan sigaret qoldig‘i sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 1-qismi (Olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish natijasida ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.