4 oktabr kuni Budapesht shahrida Vengriya Parlamentining binosi ro‘parasidagi Layosh Koshut nomidagi maydonda rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga piyoda va otliq askarlardan iborat faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya prezidenti Katalin Novak rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladi.

Marosim yakunida faxriy qorovul tantanali ravishda saf tortib o‘tdi.

Shuningdek, davlat rahbari rasmiy tashrifi doirasida Budapesht shahrining Qahramonlar maydonidagi xotira ustuni poyiga gulchambar qo‘ydi. Vengriya davlatchiligini barpo etishga hissa qo‘shgan buyuk arboblar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Marosim faxriy qorovul xizmatchilari ishtirokida, harbiy orkestr sadolari ostida o‘tdi.

Ushbu maskan Budapeshtning bosh maydonlaridan biri bo‘lib, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Maydon markazida Mingyillik ustuni qad rostlagan, uning poyida mojar qabilalarining 7 nafar boshlig‘i haykallari o‘rnatilgan. Ushbu yodgorlik vengerlarning bugungi vatanini topishi va Vengriya qirolligiga asos solinishiga bag‘ishlangan.

Majmuada venger xalqining atoqli namoyandalari haykallaridan iborat ikkita kolonnada joylashgan. Yodgorlikning old tomonida Vengriya qahramonlari sharafiga xotira toshtaxtasi o‘rnatilgan.

Foto: