2022 yilda oliy ta’lim muassasalariga kirgan maktab bitiruvchilari soni o‘tgan yilga nisbatan yana oshdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi DTM taqdim qilgan ma’lumotlar asosida xabar berdi.

Bu yil 385 437 nafar maktab bitiruvchilaridan 295 393 nafari, yoki 77 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashdi.

Ularning 85 869 nafari yoki 23 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 4% ga, 2020 yilga nisbatan 12% ga oshgan.

Respublika miqyosida maktab bitiruvchilarining test sinovlaridagi o‘rtacha ball ko‘rsatkichi 76,1 ball bo‘ldi. Bu natija ham 2021 yilga nisbatan 1,2 ballga, 2020 yilga nisbatan 6,3 ballga oshgan (2020 yilda 69,8 ball, 2021 yilda 74,9 ball bo‘lgan).

Keltirilishicha, o‘tish balidan past (56,7 balldan) ball olgan o‘quvchilar o‘qigan 519 ta umumta’lim maktab hozirda alohida nazoratga olingan. Ularda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahorati va salohiyatini oshirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.