Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Vengriyaga yetib bordi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati. Davlat rahbariga uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qilmoqda.

Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarining tashrifi munosabati bilan O‘zbekiston va Vengriya bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston yetakchisini Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

O‘zbekiston — Vengriya sammitning asosiy tadbirlari 4 oktabr kuniga mo‘ljallangan. Vengriya prezidenti Katalina Novak bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. So‘ng Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Viktor Orban tor doirada va kengaytirilgan tarkibda uchrashuv o‘tkazadi. Yakunda ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Prezident tashrifi doirasida Vengriyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan ham uchrashish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, sammitining kun tartibidan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.