4 oktabr kuni tongda Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi «Maksam Chirchiq» AJ qarashli 5-zavodda yong‘in chiqdi. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uning oqibatida ishlab chiqarish obyekti portlagan.

Toshkent viloyati fuqaro muhofazasi boshlig‘i — viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tegishli mutasaddilarga vaziyatni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi, deyiladi xabarda.

Holatni FVV va huquq-tartibot idoralari darhol nazoratga olgan. Hozirgi paytda zavodda yong‘inni qurshab olish va o‘chirish chorasi ko‘rilmoqda.

Mazkur vaziyatni keltirib chiqargan sabablar va oqibatlari yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.

«Maxam Chirchiq» AJ O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi asosiy korxonalardan biri bo‘lib, mamlakatdagi birinchi azot zavodi bazasida tashkil etilgan. Korxona O‘zbekistonda 80 yildan ortiqroq vaqt mobaynida mineral o‘g‘itlar va boshqa kimyo mahsulotlarini yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.