Shanba kuni kechqurun Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasi Malang shahridagi «Kanjuraxan» futbol stadionida yuz bergan tiqilinchda 174 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Indoneziya prezidenti Joko Vidodoga ta’ziya yo‘lladi. Davlat rahbari hamdardlik maktubida vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlar tez orada shifo topishini tiladi, deya ma’lum qildi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Fojia «Arema» klubi «Persebaya» jamoasiga 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan o‘yindan keyin sodir bo‘ldi. «Arema» muxlislari maydonga yugurib chiqishgan. Politsiya ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, bu esa vahima uyg‘otgan va odamlar chiqish uchun yugura boshlagan. Ko‘pchilik hushini yo‘qotgan. Voqea joyida 34 kishi, jumladan 2 nafar politsiyachi halok bo‘lgan.

Jarohatlanganlar sakkizta shifoxonaga yetkazilgan. Mahalliy vaqt bilan ertalab soat 9:30da halok bo‘lganlar soni 158 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, soat 10:30ga kelib ularning soni 174 nafarga yetdi. Ular orasida besh yoshli bola ham bor.

Stadion o‘z bag‘riga 42 ming kishini sig‘dira oladi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘yin uchun barcha chiptalar sotilib ketgan. Politsiyaning aytishicha, 3000 kishi maydonga yugurib chiqqan bo‘lgan.

Indoneziya prezidenti fojia bo‘yicha chuqur tergov o‘tkazishni va xavfsizlik tekshiruvlari o‘tkazilgunga qadar mamlakatdagi barcha futbol o‘yinlarini to‘xtatishni buyurdi. U mamlakatdagi bunday fojia oxirgisi bo‘lishiga umid bildirdi.

Indoneziyada muxlislar to‘qnashuvi kam uchraydi. Xabar qilinishicha, tartibsizliklardan qo‘rqib, «Persebaya» muxlislariga shanba kungi o‘yinga chipta sotib olishga ruxsat berilmagan.

Indoneziya siyosat, huquq va xavfsizlik bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vaziri Muhammad Mahfudning aytishicha, tashkilotchilar rasmiylarning o‘yinni tunda emas, tushdan keyin o‘tkazish hamda 42 ming emas, 38 ming chipta chop etish haqidagi tavsiyalariga e’tibor bermagan.

FIFA xavfsizlik qoidalari politsiya va xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘yinlar vaqtida qurol, ko‘zdan yosh oqizuvchi yoki boshqa gazlardan foydalanishni taqiqlaydi