Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShning janubi-sharqiy shtatlarida yuz bergan kuchli «Ien» to‘foni oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan prezident Jozef Baydenga ta’ziya yo‘lladi.

«Davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi», — deya xabar qildi davlat rahbarinng matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Chorshanba kuni AQShning janubi-g‘arbiy sohillarida sodir bo‘lgan to‘fon oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi, bu raqam yanada oshishi mumkin, deb yozadi The New York Times. To‘fon keng ko‘lamli vayronagarchiliklar va suv toshqinini keltirib chiqardi. 2,5 milliondan ortiq iste’molchi elektr energiyasiz qoldi.

AQSh prezidenti va birinchi xonimi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ko‘rib chiqish uchun kelasi hafta Floridaga tashrif buyuradi. Bungacha esa ular «Fiona» to‘fonidan jiddiy zarar ko‘rgan Puerto-Rikoga boradi.