30 sentabr kuni Sergeli tumanidagi zavodlarning birida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 25 ming quti tamaki mahsulotlarini yoqib yuborildi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 23 iyun kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari DXX xodimlari bilan birgalikda Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatugva olingan Hyunday Porter II rusumli yuk avtomashinasini to‘xtatib, holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada avtomashina yukxonasida 50 dona qog‘oz qutilarga joylangan 7000 quti «Milano London», 15000 quti «Milano Tech Lock» va 3000 quti «Milano New York» nomli tamaki maxsulotlari borligi aniqlangan. Ashyoviy dalil tariqasida olingan, qiymati 175 mln so‘mlik jami 25 000 quti tamaki mahsulotlari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, rakamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan hamda aksiz markalari bilan qadoqlanmagan.

Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2022 yil 6 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi tomonidan ushbu tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish yuzasidan xukm o‘qilgan.


Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Yo‘q qilish tadbirida ushbu 25 ming quti tamaki mahsulotlari ishtirokchilar guvohligida maxsus pechda yoqib yuborildi.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, bojxona organlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida noqonuniy tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq jami 269 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Ular bo‘yicha 1 mln 458 ming 736 quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati esa salkam 17,8 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Bojxona organlari tomonidan 60 dan ortiq holatda aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182, 186−1-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborildi.